ASKUE va ASKUG tizimlari qanday ishlaydi? (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16-apreldagi qaroriga asosan 2024-yil 1-maydan boshlab aholi iste’molchilari elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tabaqalashtirilgan tarif asosida to‘lov qiladi. Bu jarayonlar esa “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” (ASKUE) va “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi” (ASKUG) bo‘yicha amalga oshiriladi.
Bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tatbiq etilgan ASKUE tizimi 7,8 million iste’molchini, “Hududgazta’minot” AJ tomonidan joriy etilgan ASKUG tizimi 4,2 million iste’molchini qamrab olgan.
Ushbu sohalardagi barcha xizmatlar onlayn rejimga o‘tkazilib, iste’molchi hamda elektr va gaz yetkazib beruvchi o‘rtasidagi munosabatlarda shaffoflik ta’minlandi. Fuqarolarda iste’mol madaniyati kun sayin ortib, ushbu manbalardan oqilona foydalanish va aholi o‘rtasida energiya tejovchi texnologiyalarni turmushga joriy etish masalalari keng ommalashishiga erishildi.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Hududgazta’minot” AJ call-markazining 1104 raqami orqali iste’molchilarning tejamkor gaz uskunalarini o‘rnatish bilan bog‘liq savol va murojaatlarini qabul qilishga mo‘ljallangan aloqa kanali ishga tushirildi. Shuningdek, call-markaz operatorlari elektron gaz hisoblagich va shaxsiy kabinetdagi gaz sarfi ko‘rsatkichlarini o‘zaro solishtirish bilan bog‘liq savollarga ham javob beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/r07eAmEQsPo" title="ASKUE va ASKUG tizimlari qanday ishlaydi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>ASKUE tizimi orqali iste’molchilarning foydalangan elektr energiyasi uchun to‘lov intizomini mustahkamlash, elektr energiyasini taqsimlashda har bir iste’molchi va transformator punkti kesimida kerakli ma’lumotlarni olish va tahlil qilib borish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, ushbu tizim orqali iste’molchilarning hisoblagichlariga tashqaridan aralashuvlar, noqonuniy foydalanish holatlarining oldi olinadi.
Qolaversa, ko‘p holatlarda qarzdorligi mavjud iste’molchilar tarmoqdan ajratilganda ular tomonidan o‘zboshimchalik bilan qayta ulanib olish holatlari mavjud edi. ASKUE tizimi aynan shunday noqonuniy aralashishlarning oldini oladi. Deylik, iste’molchi tomonidan shunday holatga yo‘l qo‘yilgan va qarzdorlik qoplangan taqdirda ham hisoblagichlar avtomatik yoqilmaydi.
Shu bilan birga, ushbu tizim joylardagi katta yuklamalar bilan ishlayotgan transformator punktlari yoxud tarmoqlarni aniqlash, yuzaga keladigan avariyali holatlarning oldini olish, u yordamida kelgusida modernizatsiya va qurilish ishlarini amalga oshirish, eng asosiysi, iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun xizmat qiladi.
Elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish hamda nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi markazlari mutaxassislarining ASKUE va ASKUG faoliyati haqidagi intervyusini quyidagi videohavolada ko‘rishingiz mumkin.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA