Askarlar va ularning ota-onalari telemuloqotda ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Surxondaryo va Samarqand viloyati xokimliklari hamkorligida Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugining Termiz, Markaziy harbiy okrugining Samarqand garnizonlarida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlar hamda ularning ota-onalari, yaqinlari uchun teleko‘prik tashkil etildi.
“Kim Vatanga sodiq bo‘lsa mendurman o‘sha” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topgan kun va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati o‘tkazilgan tadbir “Mening farzandim yurt himoyachisi va armiya ilg‘ori, mahallamiz iftixori” mavzuiga bag‘ishlandi.
Telemuloqotda Surxondaryo viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M. Qobulova, Termiz garnizonidagi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik A. Jafarov, Surxondaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik X.Yuldoshev va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha fikr yuritdi. Milliy armiyamiz saflarida yigitlik burchini sharaf bilan o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalariga chuqur minnatdorlik bildirib, ularni Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyatida xizmat qilayotgan bir guruh samarqandlik askarlar va Samarqand viloyatida konstitutsiyaviy burchini o‘tayotgan surxondaryolik muddatli harbiy xizmatchilar ota-onalari, qavmu-qarindoshlari bilan teleko‘prik orqali diydor ko‘rishib, o‘zaro suhbatlashdi. Askarlar harbiy xizmat chog‘ida ma’nan va jismonan toblanib, erishgan yutuqlari xususida fahr bilan so‘z yuritdi. Ularning ota-onalari va yaqinlari mahallalarida yuz bergan o‘zgarishlar, oilalaridagi yangiliklar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Yigit uchun ona tuprog‘ini himoya qilishdan yuksak burch bo‘lmasa kerak,deydi Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi Mehrigiyo mahallasida yashaydigan muddatli harbiy xizmatchi O‘rol Mamatov. Samarqand garnizonidagi harbiy qismlardan birida yigitlik burchimni sharaf bilan bajarayotganimdan faxrlanaman. Harbiy xizmat men uchun haqiqiy hayot maktabi vazifasini o‘tamoqda. Bu yerda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Harbiy qismda biz, askarlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Bo‘sh vaqtlarimizda turli kitoblar mutolaasi bilan shug‘ullanamiz. Jismonan chiniqamiz. bugungi teleko‘prikda onam bilan dildan suhbatlashib, barcha yangiliklarni eshitdim. Erishayotgan yutuqlarimni birma-bir gapirib berdim. Uydagilarni sog‘ingan edim. Ular bilan yuzma-yuz gurunglashgandek bo‘ldim.

O‘g‘lim Abbosjonning Vatan oldidagi farzandlik burchini a’lo daraja o‘tayotganidan bir umr faxrlanamiz, deydi samarqandlik Q.Rahmatova. Bugun o‘g‘lim bilan telemuloqot orqali ko‘rishib, harbiy xizmatchilarga mehrim yanada oshdi. Shunday tinch, to‘kin yurtda yashayotganimizdan faxr-iftixor tuyg‘um yuksaldi. O‘g‘limizni sog‘ingan ekanmiz. Uning yutuqlarini, Surxon vohasidan olayotgan boy taassurotlarini tinglab, juda quvondik. Bizga bunday imkoniyatni yaratib bergan davlatimizdan cheksiz minnatdormiz.
Tadbir yakunida Termiz garnizonida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilarga Surxondaryo viloyat xokimligining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Termiz garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasining ozod Vatan, osuda, obod turmush va mehr-muhabbatni madh etuvchi ko‘y qo‘shiqlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA