Askarlar uchun kuzatuv marosimi tashkillashtirildi (+video)
Bugun Yangi O‘zbekistonning yangi armiyasi mutlaqo zamonaviy yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. Xususan, Jamoat xavfsizligi universiteti qoshida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilarning jismoniy va harbiy tayyorgarliklarni o‘zlashtirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ular bir yil davomida jismonan chiniqib, qurol aslaha sirlarini o‘zlashtirib, yuksak harbiy tayyorgarlik bosqichidan o‘tdilar. Shuni alohida ta’kidlash kerak-ki, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning harbiy sohada olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli bugun Armiyamiz yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabiga aylangan.
Jamoat xavfsizligi universiteti qoshidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlar uchun kuzatuv marosimi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi vakillari, harbiy qism shaxsiy tarkibi hamda universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan bugungi kunda askarlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet tillar va qator fanlar, sun’iy intellekt darsxonalaridagi zamonaviy sharoitlar, kasb-hunar o‘rgatish uchun maxsus markazlar bilan bog‘langan uzviy aloqalar tilga olindi.
Muddatli harbiy xizmat davomida askar faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik bilan cheklanib qolmaydi. Mamlakat ertasi bo‘lgan yoshlar kelgusida jamiyatda mustahkam o‘rin topishi uchun alohida kasbga tayyorlash bosqichidan ham o‘tadilar. Ya’ni, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishlarida mutlaqo yangi tizim yaratildi. Jamoat xavfsizligi universiteti qoshidagi harbiy qismda ham bu yerdagi asosiy yo‘nalish va mutaxassislikdan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlanib, poytaxtning yirik kasb-hunar markazlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ma’lum kasb mutaxassisi sertifikatini qo‘lga kiritadilar. Oliy ma’lumot olish istagida bo‘lganlar uchun esa yana katta imkoniyat.
Yangi tartibga ko‘ra, askarlar muddatli harbiy xizmatni o‘tash davridayoq o‘zlari xohlagan oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshira oladilar. Askarlarni bu imtihonlarga universitetning malakali professor-o‘qituvchilari tayyorlaydi.
Jamoat xavfsizligi universiteti qoshidagi harbiy qismda askarlar so‘nggi kunlarda ham jangovar va maxsus tayyorgarlik, hududlarni obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etmoqdalar. Bu ishlar muddatli harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ularni har tomonlama yetuk va barkamol inson sifatida shakllanishida omil bo‘ladi.
Vatan oldidagi mas’uliyatli burchni sharaf bilan o‘tagan yurt o‘g‘lonlarini kuzatish tadbirida universitet qo‘mondonligi ularga oq yo‘l tilab, sertifikat va imtiyozli yo‘llanmalarni tantanali suratda topshirdilar. Ma’naviyat va ma’rifat markazining harbiy orkestr jamoasi esa har tomonlama yetuk, jismonan va ma’nan barkamol shaxs sifatida shakllangangan yigitlarning bu unutilmas lahzalarini haqiqiy bayramga aylantirib yubordi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Vil49AbGYbM?si=gf3NqdPAjC6OB3Tm" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA