
Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida
Osiyo haqida, mintaqaning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-marifiy hayoti to‘g‘risida muntazam axborot ulashuvchi mashhur gazetalardan biri – “Asia News” O‘zbekiston turizmiga bag‘ishlab fors tilida maqola chop etdi.
“O‘zbekiston Erondan sayyohlar qabul qilishga mushtoq” sarlavhali materialda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (ECO) Doimiy vakillar kengashi majlisiga e’tibor qaratilgan. Xususan, Eron Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchimiz Bahodir Abdullayevning 2022 yil Sari shahri “ECO” turizm poytaxti sifatida e’lon qilinishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirdagi ma’ruzasdan iqtibos keltirilgan:
– Turizm turli davlatlar iqtisodiyoti integratsiyalashuvida, xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqa mustahkamlanishida muhim o‘rin tutadi. Buyuk salohiyatga ega turizm mintaqaviy rivojlanishning qudratli vositasiga aylanishi mumkin, chunki bu soha iqtisodiyot rivojini rag‘batlantiradi, aholi bandligini ta’minlashga sezilarli yordam beradi.
Muallif, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raislik qilayotgan O‘zbekiston tomonidan sayyohlik oqimi sur’atini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, ziyorat turizmini rivojlantirish, havo qatnovi geografiyasini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikda chora-tadbirlar ishlab chiqish taklif qilinayotgani ham qalamga olingan.
B.Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA