Arxiv sohasida xalqaro hamkorliklar kengaymoqda
“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ishtirokida “O‘zarxiv” agentligida xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zarxiv” agentligining 2026-yilning 9 oyi davomida xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirgan asosiy ishlari va erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida xalqaro hamkorlik xorijiy arxiv muassasalari bilan aloqalarni kengaytirish, O‘zbekiston tarixiga oid yangi arxiv manbalarini aniqlash, ularning nusxalarini mamlakatimizga olib kelish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, restavratsiya va konservatsiya qilish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish, shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini sohaga joriy etish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi.
2026-yil davomida “O‘zarxiv” agentligi va tizim tashkilotlari vakillari AQSH, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlar, kongresslar va ilmiy-amaliy tadbirlarda qatnashdi. Belarus, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan qator xalqaro konferensiyalarda esa O‘zbekiston arxivchilari onlayn shaklda ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Tashrif davomida “FamilySearch International”, AQSH Yuta shtati davlat arxivi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi. “MyHeritage” va “Ancestry” tashkilotlarining genealogik tadqiqotlarda DNK ma’lumotlaridan foydalanish tajribasi, shuningdek, AQSH arxivlarida hujjatlarni saqlash, hisobga olish va raqamlashtirish amaliyoti o‘rganildi.
Yana bir muhim yo‘nalish shundaki, xorijiy arxivlardan O‘zbekiston tarixiga oid yangi hujjatlarni aniqlash va mamlakatimizga olib kelish bo‘ldi. 2026-yil 19–23-aprel kunlari Tataristan Respublikasi Arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi delegatsiyasining Buxoroga tashrifi davomida ikki tomon uchun muhim tarixiy hujjatlar almashildi. Tataristan davlat arxivlari tomonidan O‘zbekistonga jami 836 kadr arxiv materiallarining elektron nusxalari taqdim etildi. Ular savdo-iqtisodiy, madaniy va ilmiy-ma’rifiy aloqalarga oid tarixiy manbalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu materiallar O‘zbekiston milliy arxivlari davlat saqloviga qabul qilindi.
O‘zbekiston tarixiga oid hujjatlarni xorijiy arxivlardan izlab topish bo‘yicha eng salmoqli natijalardan biri Germaniyada qayd etildi. O‘zbekiston Milliy arxivi mutaxassislari 2026-yil 15-iyuldan 1-avgustga qadar Berlin shahridagi Germaniya Federal arxivi, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi arxivi va Prussiya madaniy merosi davlat arxivida ilmiy izlanishlar olib bordilar. Natijada O‘zbekiston tarixining XIX asr oxiri — XX asrlarga oid 1000 dan ortiq kadr hujjatlari aniqlandi va ularning elektron nusxalari yurtimizga olib kelindi.
Xalqaro hamkorlikning yana bir muhim natijasi — yangi hamkorlik hujjatlarining imzolanganidir.
2026-yil 8-iyun kuni “O‘zarxiv” agentligi va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti arxivi o‘rtasida arxiv ishi sohasida anglashuv memorandumi imzolandi.
30-avgust kuni Toshkent shahrida “O‘zarxiv” agentligi bilan Hindiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Milliy arxiv o‘rtasida arxiv ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.
14-sentabr kuni Seul shahrida esa “O‘zarxiv” agentligi va Koreya Respublikasi Milliy arxivi o‘rtasida arxiv ishi va hujjatlarni boshqarish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.
Shu tariqa, hisobot davrida Qozog‘iston, Hindiston va Koreya Respublikasi arxiv muassasalari bilan hamkorlikning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
2026-yilning 9 oyi davomida xorijiy mutaxassislar va delegatsiyalarning O‘zbekistonga tashriflari ham faol tashkil etildi.
AQSHning “FamilySearch International”, Fransiyaning INA va “DUALEST”, Germaniyaning “SMA Electronic Document GmbH”, Avstriya Fanlar akademiyasi Fonoarxivi, Ummon Sultonligi Hujjat va arxivlar boshqarmasi, shuningdek, boshqa xorijiy tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvlarda arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, restavratsiya va konservatsiya qilish, audiovizual merosni saqlash, genealogik tadqiqotlar va yangi texnologiyalarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.
2026-yil 20–25-sentabr kunlari “FamilySearch International” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, genealogik tadqiqotlar va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston milliy arxivlari rahbar va xodimlari uchun “Ottoman Project” loyihasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etilib, Chig‘atoy turkiy tilidagi hujjatlar bilan ishlashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari amaliy misollar asosida namoyish etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston arxivlari xalqaro ilmiy va professional maydonlarda o‘z tajribasini ham faol namoyish etdi.
Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Digital Archive EXPO” III Arxivchilarning xalqaro kongressida “O‘zbekiston arxivlarining raqamli ekotizimi: infratuzilma, sun’iy intellekt va davlat xizmatlari”, shuningdek, kinofotofonohujjatlar portaliga bag‘ishlangan ma’ruza va treninglar o‘tkazildi. Xalqaro arxivlar kengashi prezidenti va Markaziy Osiyo davlatlari arxiv xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Xorijiy tadqiqotchilarning O‘zbekiston arxivlaridan foydalanishiga ham alohida e’tibor qaratildi.
2026-yilning 9 oyi davomida Kanada, AQSH, Yaponiya, Germaniya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Estoniya, Polsha, Turkiya, Isroil Davlati, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Afg‘oniston, Qozog‘iston va Qirg‘iz respublikalaridan bo‘lgan jami 79 nafar tadqiqotchiga O‘zbekiston milliy va hududiy davlat arxivlarining o‘quv zallaridan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsat berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA