“Arsenal” Xulian Alvares transferidan voz kechmayapti
Alvaresning atrofidagilar endilikda “Arsenal”ga transfer variantiga ijobiy qaramoqda.
Londonning “Arsenal” klubi “Atletiko” hujumchisi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olish borasidagi harakatlarini davom ettirmoqda.
Argentinalik futbolchi Angliyaga qaytishni istamagani sababli “kanonirlar” taklifini bir necha bor rad etgan. Biroq TEAMtalk ma’lumotiga ko‘ra, “Arsenal” 26 yoshli hujumchini fikridan qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor.
London klubi Alvares va uning oilasining Angliyaga ko‘chib o‘tishi hamda yangi muhitga moslashishi uchun qulay sharoit yaratishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, tomonlar shartnomaga Alvaresning kelajakda “Barselona”ga o‘tishiga imkon beradigan maxsus band kiritish variantini ham muhokama qilgan.
Alvares yozgi transfer oynasi davomida “Barselona”ga o‘tishni istagan, biroq “Atletiko” rahbariyati kataloniyaliklarga futbolchini sotishga rozi bo‘lmagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, vaziyat o‘zgargan va Alvaresning atrofidagilar endilikda “Arsenal”ga transfer variantiga ijobiy qaramoqda.