"Arsenal" navbatdagi xaridga juda yaqin
«Kanonirlar» Konsani himoya chizig‘ini kuchaytirishdagi asosiy maqsadlaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Londonning «Arsenal» klubi «Aston Villa» markaziy himoyachisi Ezri Konsani o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin. David Ornshteyn ma’lumotiga ko‘ra, klublar o‘rtasidagi muzokaralar sezilarli darajada oldinga siljigan va yakuniy bosqichga yetgan.
Tomonlar rahbariyat darajasidagi muzokaralardan so‘ng futbolchining transfer qiymati bo‘yicha mavjud farqni qisqartirishga muvaffaq bo‘lgan.
Avvalroq 28 yoshli angliyalik futbolchi «Arsenal» bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib olgani va «Emireyts»ga ko‘chib o‘tishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi. «Arsenal» Konsani himoya chizig‘ini kuchaytirishdagi asosiy maqsadlaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Konsa 2019-yildan buyon «Aston Villa» safida to‘p tepmoqda va Angliya terma jamoasi futbolchisi hisoblanadi. Yaqin vaqt ichida tomonlar muzokaralarni yakunlab, transferni rasman rasmiylashtirishi kutilmoqda.