Armiyaga eng munosiblar saralanadi
Samarqand shahrida joriy yilgi chaqiruv mavsumida muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan yigitlarning dastlabki guruhi xizmatga kuzatildi.
Samarqand shahrida joriy yilgi chaqiruv mavsumida muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan yigitlarning dastlabki guruhi xizmatga kuzatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6-mart kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, bu yil chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish jarayoni yangicha tizimda tashkil etilmoqda.

Jumladan, endilikda “Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Nizom talabidan kelib chiqib, Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarining oʻtkazilishiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalarning samarali faoliyat yuritishi uchun shaxsan masʼuldirlar.
Nizomga koʻra, tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy tibbiy komissiyalar − 15-fevraldan 30-aprelgacha;
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi butlash komissiyalari − 15-fevraldan 30-aprelgacha;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yigʻish punktlarida harbiy tibbiy komissiyalar − 20-fevraldan 30-aprelgacha;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi − 20-fevraldan
30-aprelgacha;
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy komissiyalari − 1-martdan 30-aprelgacha har yili oʻz faoliyatini amalga oshiradi.

Butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya hamda hududiy tibbiy komissiya qarori va xulosasidan norozi boʻlgan chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari tomonidan Rahbariyat kengashiga, shuningdek belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Marosimda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlar qoʻmondoni oʻrinbosari, Samarqand viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Rahbariyat kengashi raisi Q.Achilov, Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari R.Qobilov, chaqiriluvchilarning ota-onalari va boʻlajak askarlar soʻzga chiqdi.

– 2019-yil 10-avgustdan boshlangan jarayonda chaqiriluvchilar oʻrtasida tanlov oʻtkazilib, ularning umumjismoniy tayyorgarligi aniqlandi, – deydi viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi, Rahbariyat kengashi aʼzosi Farhod Alimxodjayev. – Bundan tashqari, kasbiy tanlov boʻyicha sinovlar hamda yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi. Ular orasidan saralab olingan yigitlar tuman, shahar butlash komissiyalarida tegishli tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgach, viloyat harbiy-tibbiy komissiyasi xulosasi asosida harbiy xizmatga joʻnatilmoqda.
– Ona yurtimiz tinchligini asrash har bir yigitning muqaddas burchi, – deydi oqdaryolik Lola Davronova. – Ikkinchi oʻgʻlim harbiy xizmatchi. Unga havas qilgan oʻgʻlim Siddiq Norqulov ham bugun muddatli harbiy xizmatga ketayotganligidan behad xursandman.
Xizmatga otlangan yigitlarga Samarqand viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan esdalik sovgʻalar va yoʻriqnomalar topshirildi.
