Armiya va xalq – bir tanu bir jon!
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, shahar va tuman Kengashlari tomonidan bayram tadbirlari ko‘tarinkilik bilan tashkil etilmoqda.
Xususan, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi ayollar muammolarini o‘rganish va tashabbuslarini ko‘llab quvvatlash bo‘limi hamda Nukus shahar Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy markazida “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni!” mavzusida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham yosh askarlar faolligida bayramona ruhda bo‘lib o‘tdi.
Unda partiya faollari, deputatlari, bo‘lajak yosh askarlar, Milliy gvardiya xodimlari va faxriylar ishtirok etdi.
[gallery-21282]
Bayram munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Almagul Bayriyeva, xalq deputatlari Nukus shahar kengashi deputatlari Oksana Seytnazarova, Iristi Quttimuratova so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarni bayram bilan muborakbod etdi. Yurtimizda olib borilayotgan tinchlik-osoyishtalik siyosati, xalqimiz farovonligi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritib, tinchlikni qadriga yetish, imkoniyatlardan samarali foydalanish kabi bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
– Ona yurtimiz har doim o‘zining mard, jasur o‘g‘lonlari bilan faxrlanib kelgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Almagul Bayriyeva. – Yigitlarimiz ota-ona va oilasini, o‘zi yashayotgan yurt tuprog‘ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblagan. Ushbu bayramning nishonlanishi xalqimizning o‘z milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga nisbatan iftixorini bildiradi.
Samimiy suhbat davomida, yosh askarlar o‘zlari qiziqqan savollarga soha mutaxassislari va deputatlardan atroflicha javob oldi. Tadbir yakunida Milliy gvardiya xodimlari va yosh askarlarga partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA