Armiya qoʻl jangi boʻyicha kuchlilar saralandi
Mudofaa vazirligi sport klubida armiya qoʻl jangi boʻyicha Ochiq saralash musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Mudofaa vazirligi sport klubida armiya qoʻl jangi boʻyicha Ochiq saralash musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Unda barcha harbiy okruglar, Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonliklari, shuningdek, respublikamizdagi oliy harbiy taʼlim muassasalaridan jami 138 nafar harbiy sportchi 13ta jamoa tarkibida oʻzaro bellashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Yakuniy natijalarga koʻra, Toshkent harbiy okrugi jamoasi 1-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2-oʻrin Markaziy harbiy okrug sportchilariga nasib etdi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug jamoasi esa 3-oʻringa sazovor boʻldi.

Musobaqa gʻoliblari:
• Ramazon Temirov — Toshkent harbiy okrugi (-60 kg);
• Elyor Gʻofurov — Toshkent harbiy okrugi (-65 kg);
• Behruz Akbarov — Toshkent harbiy okrugi (-70 kg);
• Husniddin Mamajonov — Markaziy harbiy okrug (-80 kg);
• Bekzod Nurmatov — Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti (-85 kg);
• Sherali Muhammadaminov — Toshkent harbiy okrugi (-90 kg);
• Ulugʻbek Karimov — Markaziy harbiy okrug (+90 kg).
Musobaqa gʻoliblari diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanib, MDHga aʼzo mamlakatlar doʻstona armiyalarining spartakiadasi doirasida oʻtkaziladigan armiya qoʻl jangi boʻyicha chempionatga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Taʼkidlash kerak, oʻtgan yilning sentyabr oyida Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar doʻstona armiyalarining spartakiadasi doirasida Toshkentda oʻtkazilgan armiya qoʻl jangi chempionatida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari umumjamoa hisobida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Bu yilgi xalqaro darajadagi musobaqa Qozogʻistonda oʻtkazilishi kutilmoqda.

