Ariqdan suv ichayotgan qishloq odamlari
Kanal boʻylab yurib, undan chelak-chelak suv tashiyotgan qishloq odamlaridan birini suhbatga tortdik.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani viloyatning togʻli hududida joylashgan boʻlib, havosining musaffoligi, chashmayu buloqlarining ziloldek tiniq va shirin suvlari, umuman goʻzal tabiati bilan ajralib turadi. Shunday hududda antisanitariya holatidagi ariq suvini isteʼmol qilayotgan qishloqlar bor deyishsa, ishonging kelmaydi. Ammo bor ekan...
Yaqinda tumandagi Bijnom qishlogʻining bir guruh aholisi nomidan ichimlik suvi masalasida kelgan murojaatga asosan qishloqqa xizmat safari bilan bordik. Koʻrdik. Haqiqatda ahvol achinarli.
Ayni paytda ushbu qishloqda 2 ming 470 nafar aholi, 480 ta xoʻjalik va 530 ta oila yashaydi. Qishloq oralab “Tanhoz” daryosidan suv tushadigan “Oʻng qirgʻoq” kanali oqib oʻtadi. Qishloq aholisi ushbu kanaldan oqib keladigan suvdan ham tomorqa uchun, ham ichimlik suvi uchun foydalanishga majbur. Eng achinarlisi kanal suvi qishloqqa kelguncha 8 kilometr masofani bosib, 4-5 ta qishloqdan oʻtib keladi va har xil chiqindilar ham tashlab yuboriladi. Eng yomoni kanaldagi bu suv ham muntazam oqmaydi. Bunday kezlarda aholining ichimlik suvini tashib kelishi yana-da ogʻirlashadi.
Har tugul biz borgan kuni kanalchaga suv kelgan ekan. Kanal boʻylab yurib, undan chelak-chelak suv tashiyotgan qishloq odamlaridan birini suhbatga tortdik.



– Suv muammosi bizda juda qiyin, uka, – deydi shu qishloqlik Nazokat xola Vasiyeva. – Kanalda suv boʻlmagan paytlarda aravalarda uzoq masofadan tashib, ming mashaqqat bilan olib kelamiz. Uzoq yillardan beri ahvol shunday. Qishloq juda qiynalgan suvdan. Kanalchaga ham qanday boʻlib bir qochqinchi suv kelib qolsa, hamma idishlarimizni toʻldirib qolamiz. Mol-hol bor bizda ham. Yuvin-chayin bor. Ovqat qilamiz. Xullas uyimizda doim bir kishi suv taʼminoti bilan mashgʻul boʻlib turishi kerak. Yoʻqsa juda qiyin. Dardimizni hech kim tinglamaydi. Ayniqsa, keksalarga qiyin. Masalan, bizning oilamizda suv tashiydigan yosh yoʻq. Keksa boʻlsakda baʼzan oʻzim, baʼzan buva boradi. Nabiralarga iltimos qilamiz, rosa qiynalamiz.
Rosti, shu ariq suvini isteʼmol qilinishiga ishonmadik. Aholining hovlilariga kirib koʻrdik. Xonadondagi bor idishlar suvga toʻldirilgan. Hayron qoldik. Chunki ariq suvi nihoyatda ifloslangan. Kanalning ichida yigʻilib yotgan chiqindi uyumlari buni isbotlab turibdi.
Taʼkidlash lozimki, ushbu qishloqda ham bir paytlar, ichimlik suvi qudugʻi qazilib, mexanik bosim bilan chiqadigan suv minorasi qurilgan. Ammo bugungi kunda u suv chiqarmay qolgan.
– Bu muammo bizni uzoq yillardan buyon qiynaydi, – deydi qishloq oqsoqollaridan biri Ergash bobo Azimov. – Mana shu qudugʻimiz 70-yillarda qazilgan. Shundan 1997-yilgacha faoliyat koʻrsatdi. 1999-yilga kelib batamom suvi toʻxtadi. Aholidan pul yigʻib, taʼmirladik, ammo natija boʻlmadi. Suv chiqavermagandan keyin mutaxassis olib kelib koʻrsatdik. Yerni tagidagi oʻpirilish tufayli suv chiqmay qolgan dedi va suvni batamom yopib ketishdi. Boshqa joydan suv chiqarib beramiz, deyishib, hujjatlarini qilishdi, lekin u ish boʻlmadi. Shundan buyon idorama-idora sarsonmiz. Faqat qogʻozbozlik, vaʼdabozlik. Mutasaddilarga borsak, dasturga kirgan deydi. Mablagʻ topilsa boʻladi deydi. Suv oqova degan tashkilotning viloyatdagi rahbarining oldigacha kirdik. Koʻzingga qarab odamni aldaydi. Dardimizni kimga aytishni bilmaymiz. Hatto qishlogʻimizdagi maktabda ham ahvol shu. Ota-onalar maktabga boradigan bolalarining sumkasiga har kuni qaynatilgan suv solib yuborishadi. Iloj yoʻq.
Demak, 1999-yilda qishloq ichimlik suvi taʼminotidan batamom uzilgan. Oʻtgan 21 yil davomida aholi mana shunday ahvolda yashab kelishmoqda. Nahotki, tuman mutasaddilari mazkur muammoni bartaraf qilishni 21 yildan buyon oʻylasa...
– Bu qishloqqa 8 kilometrlik ichimlik suvi tarmogʻi, 50 kilometrlik “bashnya” suv bosimi orqali suv chiqarish inshooti, artiziyan qudugʻi qurishni rejalashtirganmiz, – deydi Shahrisabz tuman suv taʼminoti boʻlimi boshligʻi Azamat Doʻstmurodov. – Loyiha smetalari tayyor. Hozir mablagʻ masalasi ajratilmagani sababli orqaga surilib kelmoqda. 2020-yilgi dasturiga kiritilgan. Quduq qishloqning yuqori tomonidan quriladi. Tumanimiz boʻyicha joriy yilgi dasturga 5 ta mahallani ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha takliflarni berganmiz va dasturga kiritganmiz. Oʻshandan 3 tasi oʻtgan. Qani, Quloch va Bijnom qishlogʻi. Loyiha smetalari tayyor. Boshlashimiz kerak edi. Koʻrdingiz mart oyidan beri ahvol shunaqa. Xudo xohlasa pandemiya tugasa, shu yil oxirigacha boʻladi yoʻqsa 2021-yilga qoladi.
Demak, mutasaddining gaplariga tayanadigan boʻlsak, joriy yilgi investitsiya dasturiga asosan, mablagʻ ajratilgach ushbu qishloqda ham yaqin orada ichimlik suvi muammosi ijobiy hal etiladi. 21 yil kutgan xalq yana ozgina sabr qiladi. Bunda muammo yoʻq. Ammo aytilgan masalalar yana qogʻozda rejaligicha qolib ketsa, mana bu haqiqiy muammo. U holda qishloq aholisi yana uzoq yillar shu ahvolda hayot kechirishga majbur boʻladi.
Oʻylaymizki, mutasaddilar vaʼdasini ustidan hech boʻlmasa, bu safar chiqishadi.