AQSHda Shopenning noma’lum asari aniqlandi
Amerika Qo‘shma Shtatlarida dunyoga mashhur kompozitor Friderik Shopenning avval hech qayerda uchramagan valsi topildi. Mutaxassislar 200 yillik asarning haqiqiyligiga shubha qilmayapti.
“Euro News” yozishicha, Nyu-Yorkdagi Morgan kutubxonasi va muzeyi xodimi Robinson Makklellan ashyolar saqlanadigan xonani tartibga solayotib, o‘zi ilgari ko‘rmagan musiqa qo‘lyozmasiga duch keldi. Varaq burchagida Shopen ismi qayd etilgan ekan.

Mutaxassis yordam so‘rab taniqli bastakor ijodi tadqiqotchisi Jeffri Kallbergga murojaat qildi. Qog‘oz, siyoh va qo‘l yozuvi diqqat bilan tekshirilganda aniqlanishicha, belgilar Shopenga xos, materiallar ham o‘sha davriga mos keladi.
Morgan muzeyi mas’ullari topilma haqiqatan polshalik bastakorning hozirgacha noma’lum valsi, deya ta’kidlamoqda.
Partitura 1830-1835 yillar – Shopen 20 yoshga to‘lgan vaqtga to‘g‘ri keladi.

– Biz o‘z xulosamizga to‘liq ishonamiz, – dedi Makklellan. – Bu yarim asr ichidagi ilk shunday kashfiyot. Avval uchragan boshqa o‘xshash topilmalar esa mutaxassislarda muayyan shubha uyg‘otgan.
Steynvey-xollda asarni ijro etgan pianinochi Lan Lan so‘zlariga e’tibor bering:
– Bu haqiqiy Shopen! Uning eng murakkab emas, balki o‘ziga xos uslubi ifodalangan asari.
Xitoylik ijrochi taassurotiga ko‘ra, Vals to‘satdan avj notada boshlanishi Polsha qishlog‘idagi qahraton qishni eslatadi.
M.Pirmatova, O‘zA