AQSH prezidentligiga ehtimoliy nomzod Kamala Xarris kim?
AQSH yetakchisi Jo Baydenning prezidentlik poygasidagi «o‘xshamagan» chiqishlari va sog‘ligidagi jiddiy muammolar uni saylovdan chetlashishga majbur qildi. U kecha amerikaliklarga murojaatida, vitse-prezident Kamala Xarrisga ishonch bildirib, uni mamlakat rahbarligiga nomzod sifatida ilgari surdi.
Tahlilchilar fikricha, Bayden o‘z kampaniyasini yakunlashi va uni qo‘llab-quvvatlashi Xarris xonimga uzoq kutilgan mavqeni olib keldi. Chunki, u “qora bulutli” kunlarda ham Bayden uchun “turib bera oldi”.
Vitse-prezident telekanallarda bir necha bor saylovoldi chiqishlar qilib, siyosiy sherigining nomzodini himoya qildi va asosiy raqib Donald Trampga “hujum qildi”.
– Menimcha, u ovoz berish huquqi va immigratsiya islohoti kabi jiddiy masalalarni hal qilishda muhim rol o‘ynadi, – dedi «Georgetown” universitetining ayollar va gender tadqiqotlari dasturi direktori Nadiya Braun.
Onasi asli hindistonlik, otasi yamaykalik bo‘lgan Kamala Xarris Kaliforniyada tug‘ilgan. Ota-onasi u besh yoshligida ajrashgach, Xarris onasi Shyamala Gopalan qo‘lida tarbiya topdi.
Xarris xonimning aytishicha, u har doim o‘ziga hosligi bilan ajralib turadi va o‘zini haqiqiy «amerikalik» deb ta’riflaydi.
– Mening fikrim shu: men o‘zligimni yaxshi ko‘raman. Men haqimda istagancha mulohaza qilishingiz mumkin, barchasiga roziman, – degan u.
Kamala Xarris o‘z faoliyatini Alameda okrugi prokuraturasida boshlagan. Karerasi davomida Kaliforniyaning bosh prokurori va huquqshunos bo‘lib ishladi.
U Demokratik partiyaning o‘sib borayotgan yulduzlaridan biri sifatida obro‘ qozondi va bu kuch uni 2017 yilda AQSH senatori etib saylanishga turtki bo‘ldi.
2021 yil 20 yanvarda Xarris mamlakat vitse-prezidenti sifatida qasamyod qildi. U bu lavozimga saylangan birinchi qora tanli amerikalik ayol va birinchi janubiy osiyolik kishi bo‘ldi.
Vitse-prezident sifatida u imkoniyatlarni kengaytirish, oilalarga yordam berish va butun mamlakat bo‘ylab erkinliklarni himoya qilish uchun fuqarolarni birlashtirishga harakat qildi. Shuningdek, u ayollar huquqi, xavfsiz yashash, demokratik tarzda ovoz berish, toza suv iste’moli va toza havodan nafas olish erkinligi uchun kurashdi.
Xarris Oq uyda bo‘lganida bir nechta muhim tashabbuslarga e’tibor qaratdi va u Bayden ma’muriyatining eng mashhur yutuqlarida muhim rol o‘ynadi.
So‘nggi haftalarda AQSH prezidentligiga nomzodlar hayotida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, deyish mumkin. Trampning hayotiga suiqasd unga shon-shuhrat olib kelgan bo‘lsa, keksayib qolgan Bayden Demokratlar partiyasining jiddiy qarshiliklari tufayli “o‘yindan chiqdi” va davlat rahbarligiga Kamala Xarrisni tavsiya qildi.
Musulmon Ziyo tayyorladi,
O‘zA