AQSH Kongodan keluvchilar uchun cheklov joriy qildi
Qo‘shma Shtatlar hukumati Kongo Demokratik Respublikasida "Ebola" virusi tarqalayotgani munosabati bilan ushbu mamlakatda bo‘lgan Amerika fuqarolarining tijorat reysi orqali o‘lkaga qaytishini vaqtincha chekladi.
Yangi tartibga ko‘ra, Kongoda bo‘lgan AQSH fuqarolari kamida 21 kun uchinchi davlat hududida bo‘lganidan keyingina AQSHga uchishi mumkin. Bu davrda ularga Davlat departamenti tomonidan konsullik yordami ko‘rsatiladi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Kongoda kasallikka chalinganlar soni 1 926 nafarga, qurbonlar soni esa 702 nafarga yetgan. Virus mamlakatning bir nechta viloyatiga tarqalgan.
Qo‘shma Shtatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi va Kasalliklarni nazorat qilish markazi (CDC) “Ebola” virusini yuqtirgan AQSH fuqarolari aniqlanganini ma’lum qildi. Ulardan biri Germaniyada davolanmoqda.
D.Hakimov, O‘zA