AQSH kompaniyalari bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida AQSHning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda AQSH Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek, AQSH – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda “Air Products”, “Cove Capital”, “Templeton Global Investments”, “Boeing”, “77 Construction”, “BlackRock”, “FLS”, “Visa”, “JP Morgan”, “Meta”, “GULF” korporatsiyalari rahbarlari va yana bir qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv oxirgi yillarda vujudga kelgan yaxshi an’ananing davomi, AQSH ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganining tasdig‘i ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.


Mamlakatimiz yetakchisi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator dolzarb yo‘nalishlarni belgilab berdi.


Muhim minerallarni o‘zlashtirish va qayta ishlash, energetika, metallurgiya, moliya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa ko‘plab sohalarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


AQSHning yirik kompaniyalari rahbarlari investorlar samarali faoliyat yuritishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, o‘zlarining aniq taklif va rejalarini bayon etdilar.


Davra suhbati yakunida AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.