AQSH hukumati “Titanik” artefaktlari sotilishiga qarshi
Yaqinda ochilgan sud hujjatiga ko‘ra, “Titanik” halokatidan butun qolgan 100 dan ziyod ashyo, jumladan shaxsiy buyum, valyuta, oshxona anjomi va turli bezaklarni "Kim oshdi savdosi"da sotish rejasi AQSH hukumati qarshiligiga duch keldi.
Shimoliy Atlantikada halokatga uchragan mashhur kemani qutqarish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega “RMS Titanic Inc.” kompaniyasi faqat muzey yoki ko‘chma ko‘rgazmada namoyish etilishi mumkinligi haqidagi avvalgi kelishuvga qaramay, mavjud artefaktlarni sotish harakatiga tushib qoldi.
AQSH manfaatini ifoda etuvchi va mash’um voqea joyini nazorat qiluvchi Milliy okean va atmosfera boshqarmasi (NOAA) bunday savdo tufayli “Titanik” bilan bog‘liq qonuniy majburiyat buzilishini da’vo qilmoqda.
O‘nlab yil davomida korxona kelajakdagi tadqiqotni moliyalashtirish uchun buyumlarni sotishga harakat qilgan. Urinishlar esa Amerika sudi, madaniy meros guruhlari va qurbonlarning qarindoshlari tomonidan qat’iy qarshilikka uchradi.
S.Rahimov, O‘zA