AQSH Eron yuk kemasini qo‘lga oldi, keskinlik kuchaydi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronni sulh kelishuvi shartlarini buzishda ayblab, yana bir bor mamlakatning muhim infratuzilmasi —ko‘priklar va elektr stansiyalarini yo‘q qilish bilan tahdid qildi, deb xabar qildi VVS nashri.
Eron esa, o‘z navbatida, Amerika harbiylari Eron bayrog‘i ostidagi yuk kemasini qo‘lga olganidan keyin AQSHni kelishuvni buzishda aybladi.
Shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozi hali ham yopiq qolmoqda. Trampning aytishicha, uzunligi taxminan 275 metrlik yirik yuk kemasi AQSHning dengiz blokadasini buzib o‘tishga uringan, ammo Amerika harbiy kemasi uni to‘xtatgan. Trampning aytishicha, kema to‘xtamagani uchun unga zarba berilgan va hozir u AQSH nazorati ostida.
Amerika tomoni kemani tekshirayotganini ma’lum qildi. Eron esa buni “qalloblik” va “kelishuvni buzish” deb atab, javob qaytarishini bildirdi.
Yuz bergan keskinlik sabab AQSH va Eron o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar taqdiri ham noaniq bo‘lib qolmoqda. Muzokaralar shu hafta Pokistonda o‘tishi kerak edi.
Tramp Amerika vakillarini Islomobodga yo‘l olganini aytdi va Eronga adolatli kelishuv taklif qilayotganini bildirdi. Shu bilan birga, agar kelishuv bo‘lmasa, Erondagi barcha elektr stansiyalari va ko‘priklarga zarba berish bilan yana tahdid qildi.
Avval ham Tramp shunday tahdidlar qilgan, shundan so‘ng ikki tomon ikki haftalik tanaffusga kelishib, muzokaralarni boshlagan edi.
Ayni kunlarda, Eron yana Hurmuz bo‘g‘ozida harakatni chekladi va AQSH blokadasi bekor qilinmaguncha u yopiq qolishini bildirdi. Eron harbiylari hatto ayrim neft tankerlarini ortga qaytargan.
Dam olish kunlari davomida bo‘g‘ozda vaziyat yanada keskinlashdi: ayrim kemalarga o‘q uzilgani haqida xabarlar bor. Neft tankeri va konteyner kemasiga hujum qilingani aytilmoqda, ammo ekipaj xavfsiz ekani ma’lum qilingan.
Hozirda kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali deyarli hech qanday kema harakatlanmayapti, ko‘pchiligi esa Fors ko‘rfazi atrofida to‘xtab turibdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dlNLwoeI4xY" title="AQSH Eron yuk kemasini qo‘lga oldi, keskinlik kuchaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA