Anorchilik ilmiy asosda rivojlanadi
Prezidentimiz tashabbusi bilan Fargʻona viloyatida ham mazkur tarmoq rivojlanmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Fargʻona viloyatida ham mazkur tarmoq rivojlanmoqda.
Ayni paytda anor yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni eksport qilish va ekoturizm xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashgan “Fargʻona anorchilik” MCHJ shaklidagi agrofirmaning umumiy maydoni 300 gektardan oshadi. Bu yerda 2025 yilgacha anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan boʻlib, anorzorlar toʻliq hosilga kirganidan soʻng yiliga 10 ming tonna mahsulot yetishtirish koʻzda tutilmoqda.
“Fargʻona anorchilik” MCHJ shaklidagi agrofirma rahbari Mastura Sayfiddinovaning aytishicha, 2018-2020 yillarda Investitsiya dasturi doirasida agrofirmaga Isroil, Italiya va Gollandiyadan qadoqlash, mahsulot qabul qilish, yuvish va saralash uskunalari, muzlatkich agregatlari keltirib oʻrnatiladi. Bu yiliga 2 ming 400 tonna sharbat tayyorlash, 3 ming 600 tonna saralangan anor donachalari va 4 ming tonna anorni qadoqlash imkonini beradi.
Bunday izchil saʼy-harakatlar ilgʻor innovatsion texnologiyalar va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etishni taqozo qiladi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Fargʻona davlat universitetida anorchilikni rivojlantirish kafedrasi tashkil etildi. Bu eksportbop yangi navlar yaratish, daromad manbalarini koʻpaytirish va malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Ayni kunlarda agrofirma hududidagi issiqxonada limon va mandarin yetishtirish ham yoʻlga qoʻyildi.





