Anjirzordagi baraka manzili
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanining xushmanzara Avliyo qishlog‘ida anjir mavsumi qizg‘in pallaga kirgan. Qutiboyevlar xonadoni tomorqasida yetishtirilgan sarxil anjirni xarid qilish uchun qo‘ni-qo‘shnilar va xaridorlar tashrif buyurmoqda.
Bu xonadonda anjir yetishtirish 30 yildan ortiq vaqtdan buyon davom etib keladi. Oila a’zolari uchun tomorqadagi mehnat nafaqat ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad, balki yillar davomida shakllangan tajriba va an’anaga aylangan.
Xonadonning 10 sotixli tomorqasida asosan yurtimizda keng tarqalgan “Sariq anjir” navi parvarishlanadi. Yillik hosil 500 kilogrammgacha yetadi. Yetishtirilgan mahsulot asosan qishloq aholisiga sotiladi.
— Anjirimiz pishishi bilan xaridorlar o‘zlari izlab kelishadi. Bozorga olib chiqishga deyarli ehtiyoj sezmaymiz. Hozir mahsulotning bir kilogrammini 15–20 ming so‘mdan sotyapmiz, - deydi Buvirajab Qutiboyeva.
— Hosilning bir qismidan murabbo tayyorlab, qish mavsumi uchun g‘amlab qo‘yamiz. Nabiralarimiz bu shirinlikni xush ko‘rib iste’mol qiladi.
Anjir yetishtirishda parvarish jarayoniga alohida e’tibor talab etiladi. Xonadon sohiblari yillar davomida orttirgan tajribasi asosida daraxtlarni sovuqdan asrash, sug‘orish, o‘g‘itlash va shoxlarni shakllantirish ishlarini mavsumga mos ravishda amalga oshiradi.
— Kech kuzda sovuq tushishidan oldin anjir shoxlarini yerga yotqizib, tuproqqa ko‘mib chiqamiz. Bahorda havo ilishi bilan ochib, temir tirgaklar yordamida ko‘taramiz. Ariqdan oqib o‘tadigan tog‘ suvidan foydalanamiz. Vaqtida mahalliy o‘g‘it solib, shoxlarni tartibga keltiramiz. Qaysi shox serhosil ekanini doim kuzatib boramiz, - deydi xonadon sohibi Baxtiyor Qutiboyev.
[gallery-31510]
Qutiboyevlar tomorqasida anjirdan tashqari anor, uzum va boshqa mevali daraxtlar ham parvarishlanadi. Bu xonadonda tomorqadan unumli foydalanish, mehnat va tajribani uyg‘unlashtirish orqali oila dasturxoni uchun zarur mahsulotlar yetishtirish bilan birga qo‘shimcha daromad manbai ham yaratilgan.
Jamshid Yorbekov (surat), O'zA