Andijonlik ixtirochi ayollarning sardori
8-mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni
Qishloq xo‘jaligi sohasida fan doktori, professor darajasiga yetishish, ayniqsa, ayol kishi uchun oson emas. Buning uchun ilm-fan sirlarini o‘rganish yo‘lida qancha-qancha sinov-u mashaqqatlardan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Andijonlik Maxpuzaxon Yusupova ana shunday sinovlardan o‘tib, yuksak ilmiy unvonga sazovor bo‘lgan, el-yurt o‘rtasida hurmat-e’tibor topgan olima ayollardan biridir.
Maxpuzaxon Yusupova asli Baliqchi tumanining chekka Qumtepa mahallasida tug‘ilib o‘sgan. Tumandagi 43- o‘rta maktabni tamomlagach, bir muddat maktabda laborant bo‘lib ishladi. So‘ng Andijon qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga kirib, 1995-yilda institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi. Mehnat faoliyatini o‘zi tahsil olgan institutda O‘simliklarni himoya qilish kafedrasida assistent vazifasida boshlagan.
Shundan so‘ng u Agrokimyo, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish, O‘simliklar himoyasi va karantini kafedralarida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida pedagogik faoliyatini ilmiy-tadqiqot ishlari bilan birga olib bordi. 2002-yilda qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan bo‘lsa, 2016-yilda “Qishloq xo‘jalik ekinlari zararli organizmlarining bioekologiyasini o‘rganish va ularga qarshi uyg‘unlashgan himoya tizimini takomillashtirish” mavzusidagi ilmiy ishi bilan fan doktori bo‘ldi.
– Kasbim, ilm-fan hayotimning mazmuniga aylangan, – deydi professor Maxpuzaxon Yusupova. – Bu yo‘lda ne-ne sinov, mashaqqatlardan o‘tdim. O‘qish, o‘rganish, intilishdan to‘xtamadim. Intilganga tole yor, deganlariday, o‘zim orzu qilgan, intilgan maqsadlarga erishdim.
Ilm-fan yo‘lida qalbidagi orzu-niyatlarni ro‘yobga chiqargan Maxpuzaxon Yusupova bugun minglab shogirdlarning ustozi, o‘z ilmiy maktabini yarata olgan olima sifatida keng jamoatchilik orasida hurmat-e’tibor topgan.
Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida olima 100 nafardan ortiq bakalavr va 20 nafar magistrning ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan. Bundan tashqari, 300 dan ortiq ilmiy maqola, 20 ta monografiya, 8 ta ixtiro bo‘yicha guvohnoma, 6 ta o‘quv qo‘llanma va darslik muallifidir.
Maxpuzaxon Yusupova faoliyati davomida ustozlik maqomining yuksak darajasiga erisha olgan olimadir. U talabalarning, shogirdlarining o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishi, ilmiy-tadqiqot ishi olib borishi uchun zarur barcha yordamni ko‘rsatib keladi.
–Ustozimiz Maxpuzaxon Yusupovaning ko‘magi, maslahatlari bilan men kabi ko‘plab yosh pedagoglar ilmiy yo‘nalishda katta yutuqlarni qo‘lga kiritdik, – deydi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti dotsenti, PHD texnika fanlari falsafa doktori Dilfuzaxon Karimova. –Xususan, mening ilmiy faoliyatimda ustozimning o‘rni va roli nihoyatda katta. “Xotin-qizlarning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihasi” respublika tanlovida g‘oliblar qatoridan joy oldim. Umuman, erishayotgan yutuqlarimda ustozimning alohida xizmatlari bor. Ustozning havas qilsa arziydigan, ibratli faoliyati biz uchun hamisha namunadir. Biz – yosh pedagoglar kelgusida ustozimiz izidan borib, ilm-fan yo‘lida yanada ulkan yutuqlarga erishishga astoydil harakat qilamiz.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarga, xususan, olima, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan ayollarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanyotgan minglab opa-singillarimiz ilm-fan rivoji yo‘lida samarali faoliyat yuritmoqda. Jumladan, professor Maxpuzaxon Yusupova ham turli grant loyihalarini amalga oshirishda faollik ko‘rsatmoqda. Uning rahbarligida turli yillarda 10 ta milliy va xorijiy grant loyihalari amalga oshirildi. Grant loyihalari doirasida olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida sohadagi qator muammolarga ijobiy yechimlar topildi.
Joriy yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan olima ayollar uchun o‘tkazilgan grantlar tanlovida “Poliz ekinlarida uchraydigan kasalliklarning oldini olish uchun urug‘larga ekishdan oldin elektr faollashgan suvning mikroelementli aralashmasi bilan ishlov berish usulini yaratish” mavzusidagi loyihasi bilan ishtirok etdi. Olima ushbu loyihasi bilan tanlovda g‘oliblar qatoridan joy oldi. Loyihani amala oshirish uchun 357 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Maxpuzaxon Yusupova nafaqat mamlakatimizda, balki qator xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘plab xalqaro ilmiy anjumanlar, seminarlarda ham faol ishtirok etib keladi. Shu bois ham uning ilmiy faoliyati xalqaro miqyosda xam alohida e’tirofini topgan. Masalan, o‘tgan yili Koreya Respublikasida bo‘lib o‘tgan “KIWIE-2023” ko‘rgazmasida qatnashdi. Ko‘rgazmada dunyodagi 40 dan ziyod mamlakatning to‘rt yuzdan ortiq olima, ixtirochi va tadbirkor xotin-qizlari texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo yo‘nalishlaridagi ixtiro hamda innovatsion ishlanmalari bilan ishtirok etdi.
“KIWIE-2023” ixtirochi, olima ayollar xalqaro ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan tanlovda Maxpuzaxon Yusupovaning dolzarb mavzulardagi innovatsion loyiha va ixtirolari yuksak baholanib, u oltin medal bilan taqdirlandi.
[gallery-16225]
Keyingi yillarda olima oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish borasida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan jiddiy shug‘ullanmoqda. Bu boradagi muammolarni bartaraf etishga, ayniqsa, poliz ekinlari zararkunandlariga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or usullarni yaratishga, amaliyotgaga tatbiq etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
2023-yil olima uchun muvaffaqiyatli yillardan biri bo‘ldi. Uning faoliyati xalqaro miqyosda e’tirof etildi, qolaversa, 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Maxpuzaxon Yusupova samarali ilmiy-pedagogik faoliyati uchun Prezidentimiz tomonidan II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Z9gRCoIpt98" title="Andijonlik ixtirochi ayollarning sardori" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>–Kamtarona mehnatlarim e’tirof etilib, davlatimizning yuksak mukofotlaridan biriga munosib ko‘rilganligimdan behad quvondim, – deydi olima. – Ushbu mukofot menga nafaqat rag‘bat, balki zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Kelgusida yanada samarali faoliyat yuritib, malakali mutaxassislar tayyorlash, qishloq xo‘jaligi rivojiga munosib hissa qo‘shish uchun astoydil harakat qilaman.
Bugungi kunda professor Maxpuzaxon Yusupova Andijon davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiyalar institutlarida yoshlarga bilim berib kelmoqda. Shu bilan birga, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti ilmiy kengashining a’zosi, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi imtihon komissiyasi raisi, Andijon viloyati “Ixtirochi ayollar” uyushmasi raisi sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, professor Maxpuzaxon Yusupova samarali faoliyati bilan yosh avlod tarbiyasiga, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan davrimizning faol olima ayollaridan biridir.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat, video), O‘zA muxbirlari