Andijonda yosh shaxmatchilar bellashmoqda
Andijon shahridagi Universal sport majmuasida shaxmat bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
O‘quvchi yoshlar o‘rtasida shaxmatni rivojlantirish, targ‘ib etish, ommaviyligini oshirish, iqtidorli shaxmatchilarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sport ishlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Andijon viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston chempionati bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari tarkibida 840 nafar yosh shaxmatchi 6 ta yosh toifalarida ishtirok etmoqda.
Chempionat o‘yinlari blits, rapid va standart yo‘nalishlarida o‘tkaziladi. Chempionlikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
[gallery-28993]
Ayni kunlarda barcha yosh toifalari bo‘yicha dastlabki tur o‘yinlari o‘tkazilmoqda.
Chempionat o‘yinlari joriy yilning 30-apreliga qadar davom etadi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA