Andijonda yangi o‘rmonlar paydo bo‘lmoqda (+video)
Ma’lumki, Andijon viloyati bor-yo‘g‘i 4240 kv. km maydonni egallaydi va unda 3,5 millon aholi yashaydi. Aholi zichligi jihatdan dunyoda Yaponiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Shunga qaramasdan Andijonning ko‘plab hududlarida o‘rmonlar bor va uning maydonlari yildan yilga kengayib bormoqda.
Andijonda har qarich yerning qadri baland. Shuning uchun o‘rmon xo‘jaligi rahbariyati tashabbusi bilan faqat suvsizlikdan qaqrab yotgan qir-adirlarda yangi o‘rmonzorlar tashkil etilmoqda. Lekin bu oson kechmadi. Dastlab toshliq maydondagi har bir ko‘chat o‘rni maxsus parma bilan ochib xandaq qazildi. Unga mahalliy o‘g‘it, “o‘lik xashak” solindi. Eng qiyini esa suv keltirish edi.

– Ilgari bu yerlar dasht yerlar edi. Rahbarimiz Qobiljon Obidovning tashabbusi bilan bu yerlarni o‘zlashtirdik. Maydonlar ikki martadan haydaldi. 60 metr yuqoriga 3,5 km uzunlikda nasoslar orqali suv olib chiqdik, – deydi o‘rmonchi Mirkomil Ahmadaliyev. – Shu yerning o‘ziga 56 gektar pavloniya ekildi. Bu daraxtlar 3 yillik bo‘lib, 2 yildan buyon bahorda uni yog‘ochga aylantirish uchun tagidan kesib tashlayapmiz. Bugungacha 7-8 metrga o‘sdi.


Ha, bu maydon katta ishning boshlanishi bo‘ldi. Keyin bir parcha bo‘lsa-da hali u, hali bu tuman hududidagi qishloq xo‘jaligiga yaroqsiz adirlargacha yetib borildi.
– Keyingi 2 yilda 550 gektardan ziyod yangi o‘rmon tashkil qildik. Ularning asosiy qismi Asaka, Marhamat adirlaridagi pavloniya plantatsiyalaridir, – deydi Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi direktor o‘rinbosari Muxtorjon Usmonov. – Ular, avvalo, ekologik holat musaffoligiga, toza havo ishlab chiqarishga xizmat qilsa, tanasi mebel sanoati uchun qimmatbaho xomashyo hisoblanadi.
Mana, Andijonda pavloniya daraxti yog‘ochidan sinov tariqasida mebel tayyorlab ko‘rdilar. Darhaqiqat, yog‘och xomashyosi tekis, nuqtadek ham g‘ubori yo‘q, ishlovda yumshoq, vazni yengil, lekin mustahkam.
Endi tasavvur qiling, Andijondagi pavloniya plantatsiyalari yog‘och berishni boshlasa, qanchalar go‘zal mebellar ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi!

Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi 2-3 yilda pavloniya o‘rmonlari maydonini hozirgi 105 gektardan 350 gektarga yetkazmoqchi. 1 gektarga 650 ta ko‘chat ekilsa, yangi madaniy o‘rmonga 230 mingta ko‘chat kerak bo‘ladi. Uni ham o‘rmon xo‘jaligining o‘zi yetishtirmoqda.
– Ko‘chatlarni 3 xil usulda ko‘paytirish mumkin. Urug‘idan, ildiz qalamchasidan hamda inventor usulida. Biz ildiz qalamchalarini issiqxonalarda tayyorlab, tarbiya bo‘limlariga ekib, 3-4 metr bo‘lganidan so‘ng olib chiqib ekamiz, – deydi Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmonbegi Sarvarbek To‘xtasinov.

O‘rmon xo‘jaligining barcha bo‘limlarida ko‘chat ko‘paytirilmoqda. O‘rmonbegi Sarvarbek To‘xtasinov aytgan 3-4 santimetrli ildizdan o‘stirilgan ko‘chatlar 7-8 metrga yetdi.
O‘rmonchi Abror Mirzayev pavloniyadan mebel sanoati uchun yog‘och yetishtirishning bir sirini aytdi.
– Hozir bu ko‘chatlarning ichi g‘ovak. Plantatsiyaga ekilganidan so‘ng uni ostidan kesib tashlanadi. Shunda g‘ovaklik yo‘qolib, to‘liq tana paydo bo‘ladi.
Pavloniya gulga kirganida yangi o‘rmonni qoplagan ifordan nafas olib to‘ymaysiz. Olimlarning ta’kidlashicha, dunyoda eng shifobaxsh asal – pavloniya gulidan yig‘ilar ekan.

Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi sertarmoqligi bilan ham farqlanib turadi.
– Xonoboddagi adirlarda bodom, pista, yong‘oq ekib ko‘paytirdik. Ular asta-sekin mevaga kirmoqda. Bundan tashqari na’matak ko‘chatlari ko‘paytirilib, maxsus plantatsiyalarga aylantirildi, – deydi Muxtorjon Usmonov.
Har holda yana bir-ikki raqamni tilga olaylik.
– 2023 yil bahor va kuzida Anjdijon o‘rmon xo‘jaligida 3,5 milliondan ziyod 26 xil turdagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini tayyorladik, – deydi Sarvarbek To‘xtasinov.

Balki asrlar davomida suv ko‘rmagan Andijonning qir-adirlarida o‘rmon barpo etilyapti. Nega endi unumdor tuproqli maydonlar yashillik bilan qoplanmasin?
Prezident tashabbusiga birinchilardan bo‘lib qo‘shilgan ham andijonliklar bo‘lishdi. O‘rmon xo‘jaligi esa ko‘chat yetishtirib beruvchi ta’minotchiga aylandi.

– Bu yil kuzda 270 mingta ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirgacha 66,5 mingta mevali va manzarali daraxt ekildi. O‘rmon xo‘jaligi tomonidan shahardagi 94 ta mahallaning har biriga 200 tadan ko‘chatlar bepul berildi. Uni ekish davom etyapti, – deydi Andijon shahar hokimi o‘rinbosari Farruh Ergashev.
Ha, so‘nggi 2-3 yil Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi uchun yuksalish sari muhim qadam va amalga oshgan yirik loyihalar yili bo‘ldi. Bugun bu yerda “Yashil makon” umummilliy loyihasi dasturi ijrosidagi vazifalar rejasi ishlab chiqarilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/F9ySsXrUsnw" title="Andijonda yangi o‘rmonlar paydo bo‘lmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA