Andijonda qabul test sinovlari davom etmoqda
Andijon viloyatida 2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul test sinovlari belgilangan tartibda davom etmoqda.
Test sinovlari o‘tkazilayotgan hududlarda abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Qabul jarayoni ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilgan.
Viloyatda test sinovlarining har ikki smenasida jami 6 ming nafar abituriyent ishtirok etishi rejalashtirilgan. Imtihonlarni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan barcha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilgi qabul jarayonining o‘ziga xos jihati shundaki, mamlakatimizda ilk bor muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar ham oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etmoqda. Bu ularning ta’lim olish huquqini ta’minlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda kelgusi kasbiy faoliyati uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.
[gallery-30486]
Andijon garnizonida muddatli harbiy xizmatchilarning test sinovlarida ishtirok etishi uchun zarur tashkiliy choralar ko‘rilgan. Ular belgilangan tartibda imtihon o‘tkaziladigan hududlarga yetkazilib, xavfsizligi va test jarayonida o‘z vaqtida ishtirok etishi ta’minlanmoqda.
Amaldagi tartibga muvofiq, oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilgan muddatli harbiy xizmatchilar xizmatni o‘tash davrida birinchi o‘quv choragini masofaviy ta’lim shaklida o‘zlashtiradi. Harbiy xizmatni tugatgach, ular ikkinchi o‘quv choragidan boshlab kunduzgi ta’limni davom ettiradi.
Andijon viloyatida qabul test sinovlarining adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash hamda abituriyentlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Test sinovlari 23-iyulga qadar ikki smenada o‘tkaziladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat, video), O‘zA