Andijonda mikro GESlar qurilmoqda
Prezident topshirig‘i –amalda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 1 fevral kuni Andijon viloyatiga tashrifi doirasida iqtisodiyot tarmoqlari va aholi sonining o‘sishi bilan elektr iste’moli ortib borayotganligi, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, quyosh, shamoldan elektr energiyasi olishga qaratilgan loyihalarni hamda gidroelektr stansiyalarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriqlardan kelib chiqib, Andijon viloyatida 2023 yilda jami 79,3 MVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish belgilangan. Ayni kunga qadar amalda 45,2 MVt quyosh panellari o‘rnatildi. Jumladan, 817 ta ijtimoiy soha va davlat idoralari binolariga 16,3 MVt quvvatli, 1 ming 347 ta tadbirkorlik sub’ektlarining bino va inshootlariga 14,6 MVt quvvatli, 8 ming 224 ta aholi xonadonlariga 14,1 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Joriy yilning may oyida Xitoy Xalq Respublikasining "Powerchina International Group Limited" kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Andijon viloyati hokimligi o‘rtasida 2023-2024 yillarda Andijon viloyatida quvvati 400 MVtga teng fotoelektr stansiyasi qurish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzolandi.
Ushbu memorandumga ko‘ra, Yangi Andijon shahri massivida fotoelektr stansiyasi qurilishi belgilangan. Ayni kunda ushbu loyiha bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Stansiyaning dastlabki 100 MVt quvvati 2024 yil 1 aprelga qadar, umuman, stansiya kelgusi yilning oxiriga qadar to‘la quvvat bilan ishga tushiriladi.
Mazkur fotoelektr stansiya ishga tushgandan so‘ng yiliga 700 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada 212 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 294 ming tonna zararli issiqxona gazlari chiqishining oldi olinadi.
Shuningdek, yana bir Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, barpo etilayotgan “Sanoat xabi”da “Andijon yashil energiya” mas’uliyati cheklangan jamiyati xitoylik investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 20 million AQSH dollarga teng loyiha doirasida quyosh panellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona qurilish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu korxona ishga tushishi bilan 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, kuniga 500 kVt quvvatga ega quyosh panellari ishlab chiqariladi.
“Andijon yashil energiya” MCHJ tomonidan viloyatdagi 105 ta ijtimoiy soha muassasasiga 4,5 MVtli quyosh panellari o‘rnatildi. Bundan tashqari, yana 195 ta magistral yo‘l bo‘yi va chekka-chekka qishloqlardagi maktab, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalariga 3,6 MVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Prezident topshirig‘idan kelib chiqib, viloyatda 41 ta mikro gidro elektr stansiyalarini qurish va ishga tushirish belgilab olingan. Bugungi kunda xitoylik, rossiyalik mutaxassislar jalb etilib, mazkur yo‘nalishda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan quvvati 8,2 MVt bo‘lgan 5ta gidro elektrostansiyasi qurilmoqda. Bugungi kunga qadar quvvati 250 MVt bo‘lgan Andijon va Oltinko‘l tumanlaridagi 2 ta GES ishga tushirildi.
Shuningdek, hozirda 3 ta loyiha doirasida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Shundan quvvati 1 MVt bo‘lgan 2 ta loyiha Xonobod shahri va Oltinko‘l tumanida joriy yilning dekabr oyida ishga tushiriladi. Buloqboshi tumanidagi 6,9 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi 2024 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-14989]
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ham qator loyihalar doirasida hududlarda mikro va kichik GESlar qurilishi belgilangan. Bugungi kunda quvvati 26 MVt bo‘lgan 16 ta GES qurilishi olib borilmoqda.
Masalan, “Qodir tekstil” MCHJ tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan Izboskan tumani hududidagi Katta Farg‘ona kanalida yiliga 3,2 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega “Potug‘” mikro GESi qurilish amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha 2024 yil may oyida yakuniga yetkaziladi.
“Poytug‘” GESi ishga tushishi bilan 5 mingta xonadon uzluksiz ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlanadi va 3,2 million metr/kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari