Andijonda mahalla iftixorlari taqdirlandi
Andijonda mahalla tizimida fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mahalla odamlarning o‘y-fikrlari, orzu-istaklari va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan, barcha ezgu va xayrli ishlarga tamal toshi qo‘yiladigan maskan hisoblanadi. Mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati, huquqiy-demokratik davlatga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda aynan mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta.
Andijon viloyatida 882 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatmoqda. Oilalarni mustahkamlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, yoshlar tarbiyasi, mahallalarni obod maskanlarga aylantirishda mahalla fuqarolar yig‘inlarining roli tobora ortayotir.
[gallery-1744]
Prezidentimizning 2017 yil 13 iyuldagi “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur mukofot jamiyat hayotida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni va rolini oshirish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdek ezgu ishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol, tashabbuskor yurtdoshlarimizni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Andijon viloyati hokimligida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tizimda samarali faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh fuqarolarga ana shu mukofot tantanali ravishda topshirildi.
– Kamtarona mehnatlarim inobatga olinib, ushbu nishon bilan mukofotlanganligimdan behad mamnunman, – deydi Bo‘ston tumanidagi “Tafakkur” mahalla fuqarolar yig‘ini raisining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha o‘rinbosari Rahimaxon Sulaymonova. – Bir necha yildirki, mahallamizdagi mavjud 700 dan ortiq xonadonda istiqomat qilayotgan 2 ming 200 ga yaqin aholi bilan ish olib boraman. Imkon qadar ularning muammolarini hal etishga, ishonchlarini oqlashga harakat qilaman. Eng muhimi, hamjihatlikda olib borayotgan ishlarimiz samarasi o‘laroq, mahallamizda joriy yilda salbiy va ko‘ngilsiz holatlar umuman qayd etilmadi. Ushbu mukofot menga katta mas’uliyat yuklaydi. Mahallam, yurtim ravnaqi yo‘lida yanada faol ishlash uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman.
Mukofotlarni viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov, viloyat hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Nishonov tantanali ravishda topshirib, mukofot sohiblarini muborakbod etdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA