Andijonda kitobxonlik festivali
Xonobod shahrida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida kitobxonlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami oldidan yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlik, kitob mutolaasini keng targ‘ib etish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, kitobxon o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan mamlakatimz bo‘ylab “Kitobxonlik festivali” o‘tkazib kelinmoqda.
[gallery-24703]
Xonobod shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istiroxat bog‘ida tashkil etilgan navbatdagi kitobxonlik festivalida vazirlik mutasaddilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar kutubxonalari rahbarlari, shuningdek, viloyatdagi kutubxonalar vakillari, mutaxassislari, kitobxon yoshlar ishtirok etdi.
Festival ochilishida so‘z olgan Andijon viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Gulhayo Omonova, viloyat bolalar kutubxonasi rahbari Dildoraxon Mansurova va boshqalar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus” doirasida kitobxonlikni rivojlantirish, kitobning jamiyat rivoji va inson kamolotidagi o‘rni va roli, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda bilimli, salohiyatli, zakovatli kitobxon yoshlar katta kuch ekanligini alohida ta’kidladi.
–Vazirlik rejasiga asosan viloyatlarda o‘tkazib kelinayotgan festival nafaqat yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etishga, balki kutubxona tizimidagi ilg‘or tajriba, ish uslublarini o‘rganish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda, – deydi Andijon viloyat bolalar kutubxonasi rahbari Dildoraxon Mansurova. – Andijondagi festivalda ana shu masalaga alohida e’tibor qaratildi.
Festival doirasida kitoblar yarmarkalari tashkil etildi.
Shuningdek, tadbirda festival oldidan e’lon qilingan “Eng kitobxon o‘quvchi”, “Eng faol kitobxon oila”, “Eng kitobxon maktab”, “Ijodkor bolalar”, “Eng yaxshi kutubxonachi” tanlovlari g‘oliblari ham aniqlandi. G‘olib va sovrindorlar diplom, faxriy yorliq va kitoblar jamlanmalari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
–Kitob o‘qish mening eng sevimli va yoqtirgan mashg‘ulotim, – deydi Andijon shahridagi 37- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Anisa Dostonova. – Hozirga qadar juda ko‘p badiiy kitoblarni mutolaa qilganman. Shu bois, festival doirasida e’lon qilingan “Ijodkor bolalar” tanlovida qatnashib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Bundan behad xursandman. Kelgusida yana ko‘plab kitoblarni o‘qib, bilimlarimni yanada boyitib borishga harakat qilaman.
Yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tgan festival kitobxon yoshlar safini kengaytirishga, soha xodimlarining o‘zaro tajriba almashishiga, ilg‘or tajriba va ish uslublarini ommalashtirishga imkon berdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari