Andijonda inklyuziv ta’lim muhitini takomillashtirishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Andijon shahridagi 17-umumta’lim maktabida Ijtimoiy inspeksiya Andijon viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan, viloyat hokimligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida inklyuziv ta’limni rivojlantirishga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda inklyuziv ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda Andijon viloyatidagi 225 ta umumta’lim maktabida 476 nafar o‘quvchi inklyuziv ta’limga jalb etilgan. Ijtimoiy inspeksiya tomonidan mazkur ta’lim muassasalarida to‘siqsiz muhit yaratish, infratuzilmani nogironligi bo‘lgan bolalar ehtiyojlariga moslashtirish hamda zarur jihozlar bilan ta’minlash yuzasidan muntazam o‘rganishlar olib borilmoqda.
[gallery-30650]
Seminar amaliy shaklda tashkil etilib, ishtirokchilar maktab hududi va binolarini ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislar kirish yo‘laklari, sinf xonalari, sanitariya-gigiyena xonalari hamda boshqa infratuzilma ob’ektlarini imkoniyati cheklangan bolalar uchun qulaylashtirish yuzasidan tavsiyalar berdi. Shuningdek, soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvi tashkil etildi
Andijon viloyati hokimligi, Ijtimoiy inspeksiya, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida inklyuziv ta’lim muassasalarida zamonaviy va to‘siqsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA