Andijonda ham test sinovlari boshlandi
Bugun butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari boshlandi.
Joriy yilda Andijon viloyatidan oliy o‘quv yurtlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish uchun 61 ming 558 nafar abituriyent test sinovidan o‘tadi.
– Joriy yilda test sinovlari Andijon shahridagi belgilangan to‘qqizta binoda o‘tkaziladi, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Andijon bo‘limi bosh mutaxassisi Rustamjon Azimov. – Test sinovi bilan bog‘liq barcha jarayonlar belgilangan tartiblar asosida tashkil etilmoqda. Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun maxsus aravachalar tashkil etilgan.
Test sinovlari ikki smenada, ya’ni ertalab 8.00 dan 11.00 gacha va ikkinchi smena 15.00 dan 18. 00 gacha o‘tkaziladi. Har smenada 2 ming 580 nafar, bir kunda 5 ming 160 nafar abituriyent test sinovidan o‘tishi, umuman, test sinovlari viloyatda 14-25 iyul kunlari davomida o‘tkazilishi belgilangan.
Test sinovlarining birinchi kunida ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning 250 nafardan ziyodi kelmadi. Bir nafar abituriyent esa ta’qiqlangan vositalar olib kirishga uringanligi uchun sinovdan chetlashtirildi.
[gallery-18258]
Jarayonning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash uchun test sinovi o‘tkazilayotgan hududlar kamera kuzatuvi bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, ota-onalar, umuman, keng jamoatchilik uchun kutish joyi, test sinovi jarayonini onlayn kuzatib borish imkoni yaratilgan.
Imtihonlar jarayonida abituriyentlar salomatligini nazorat qilish va xavfsizlikni ta’minlash uchun sog‘liqni saqlash tizimi, Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari jalb etilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/jUHRd_IEPds?si=VPRrCf66JSCsTbXX" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari