Andijon shahri ko‘chalarini suv bosdi...
Kecha tunda va bugun kun bo‘yi tinmay yomg‘ir yog‘ishi natijasida Andijon shahrining qator ko‘chalarini suv bosib, piyodalar va transport vositalari harakatida muammolar yuzaga keldi.
Andijon viloyati hokimligi hamda tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruh tuzilib, yuzaga kelgan favqulodda holatni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.
[gallery-9194]
Ayniqsa, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Andijon shahar bo‘limi xodimlari tomonidan Andijon shahrining Amir Temur shoh ko‘chasining Temiryo‘l vokzali ro‘parasidagi qismi, Abdurauf Fitrat, Universitet (kichik osma yo‘li) va boshqa qator ko‘chalarida to‘plangan suvni ko‘chalar bo‘yidagi binolar hamda aholi xonadonlariga kirib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ko‘chalarda to‘plangan ko‘p miqdordagi suvlar maxsus texnikalar yordamida tortib olinib, xavf bartaraf etildi.
Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan shaharning asosiy chorrahalarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etish, harakat xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutasaddilarining ma’lum qilishicha, yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan holatdan aholi xonadonlari yoki biror bir ob’ektning zarar ko‘rganligi yuzasidan ma’lumotlar kelib tushmagan.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA