"Andijon Open": Taekvondochilarimiz shohsupa to‘rida
Andijonda o‘tayotgan taekvondo WT bo‘yicha "Andijon Open" xalqaro turnirining ikkinchi kunida o‘smirlar toifasidagi janglar o‘tkazildi.
Ushbu yosh toifasida vazni 63 kilogrammgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi final bahsida Toshkent shahri jamoasining ikki a’zosi Afruza Sattorova hamda Habiba Olimjonova raqobatlashdi. Ushbu bellashuvda Afruza raqibiga nisbatan faolroq bo‘ldi va aniq zarbalari orqali xalqaro turnir g‘olibiga aylandi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur vazndagi barcha sovrinli o‘rinlar hamyurtlarimizga tegishli bo‘ldi. Aniqrog‘i, Afruza va Habiba singari Bibioysha Sharipova ham shohsupaga ko‘tarildi.

– Mazkur musobaqadagi muvaffaqiyatimda murabbiyim Obid Abdurahmonovning hissalari katta, – deydi Afruza Sattorova. – Murabbiyimning to‘g‘ri ko‘rsatmalari sababli g‘olib bo‘ldim. Bu g‘alaba men uchun xalqaro turnirdagi birinchisidir. Bunga qadar turli musobaqalarda sovrindor bo‘lganman, biroq oltin medalni qo‘lga kiritmagan edim. Bu muvaffaqiyatimdan xursandman. Umid qilamanki, kelgusida bu kabi nufuzli musobaqalarda, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘laman. Ushbu maqsadim yo‘lida barcha qiyinchiliklardan o‘tishga tayyorman.

Shuningdek, o‘z vaznlarida Begzodbek Rahimjonov Temur Qodirov, Javohir Irisboyev, Shahnoza Yodgorova, Rushanaxon Ravshanova, Mushtariy Qahramonova, Jasmina Abdukarimova hamda Gulzora Amirova kabi yosh taekvondochilar oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA