Amir Temur va temuriylar davri harbiy san’ati olimlar nigohida (+video)
Xalqaro anjuman
Mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida tarixiy merosimiz, xususan, temuriylar davri harbiy san’atiga bo‘lgan e’tiborni mustahkamlash, Amir Temurning davlat boshqaruvi, armiyani intizom asosida shakllantirish tajribasini o‘rganish, uni Yangi O‘zbekiston armiyasidagi harbiylar ma’naviyatiga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni maqsadlarni o‘zida jamlagan holda bugun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamentida “Amir Temur va Temuriylar davri harbiy san’ati: lashkarning ma’naviy-axloqiy va jangovar tayyorgarligi masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan harbiy attashelari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, oliy ta’lim muassasalari, Qurolli Kuchlar akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy tarix bo‘yicha yetuk mutaxassislar ishtirok etgan konferensiya давлатимиз madhiyasi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng konferensiyani ochib berish uchun so‘z O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xolmuhamedovga berildi.
Mudofaa vaziri tarixiy manbalar asosida Sohibqironning harbiy boshqaruviga oid yangi ma’lumotlarni kashf etishga qaratilayotgan e’tibor, harbiy bilim yurtlarida uning jang san’atini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
Konferensiya doirasida temuriylar davrida shakllangan harbiy san’at, harbiy strategiya va davlatchilik asoslarini chuqur tahlil qilish, ularni zamonaviy harbiy ta’lim, tarbiya va tayyorgarlik jarayonlariga integratsiyalash imkoniyatlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-22710]
Tadbirda Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, professor Saidxon Saidolimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, professor Otabek Hasanov va boshqalar nutq so‘zladi.
Darhaqiqat, bugun O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida g‘oyaviy jihatdan yetuk, yuksak intizom va mas’uliyat hissiga ega, milliy qadriyatlarga sodiq yangi avlod harbiy xizmatchilarini tarbiyalash, temuriylar merosini harbiy ta’lim va tarbiya tizimining ajralmas qismiga aylantirish muhim vazifa qilib belgilangan.
Amir Temurning boy harbiy va ma’naviy merosi nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki Yevropa va boshqa g‘arb davlatlarida ham chuqur tadqiq etilayotganligi katta hodisadir.
– Mustaqillik yillarida temurshunoslik sohasidagi katta o‘sishni kuzatamiz. Qator asarlar arab, fors tillaridan o‘zbekchaga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tiboriga havola etildi, – deya fikrini bildirdi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov. – Jumladan, “Zafarnoma” asari dastlab o‘zbekchaga terma tarjima shaklida, keyinchalik to‘la holda chop qilindi. Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy” asari fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, izohlari bilan 2011 yilda chop etildi. Kitobda Markaziy Osiyo tarixining qadim davrlardan to Amir Temur vafotigacha bo‘lgan davri yoritilgan. Arab tarixchisi Ibn Arabshohning “Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur” (Temur tarixida taqdir ajoyibotlari) nomli kitob arab tilidan tarjima qilinib, ikki jildda chop etildi.
Temuriylar davri tarixini yorituvchi yana bir yirik asar Amir Temur bilan zamondosh va suhbatdosh bo‘lgan muallif – Nizomiddin Shomiy qalamiga mansub “Zafarnoma” asari ham o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etildi. Sharqshunoslarimizning yirik nashr ishlaridan yana biri Abdurazzoq Samarqandiy qalamiga mansub “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asari fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. “Temur tuzuklari”ning nashr etilishida ham institutimiz olimlari katta jonbozlik ko‘rsatdilar.
Konferensiya orqali nafaqat temuriylar davrining harbiy tajribasini xolis o‘rganish, balki ushbu tarixiy merosni zamonaviy mudofaa va xavfsizlik tizimidagi konsepsiyalar bilan uyg‘unlashtirish imkoni yaratildi. Bu esa milliy armiya va harbiy sohadagi ilmiy tadqiqotlarning yangi bosqichga chiqishiga zamin yaratadi. Anjuman doirasida ilmiy ma’ruzalar, muhokamalar, tarixiy hujjatlar va artefaktlar ko‘rgazmasi, maxsus nashrlar taqdimoti ham tashkil etildi hamda uning yakunlari bo‘yicha ishtirokchilarning ma’ruzalari asosida maxsus to‘plam tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.
Konferensiyaning badiiy qismida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, “Turon” harbiy teatri, Mudofaa vazirligi qo‘mondonligiga qarashli harbiy xizmatchilar hamda Mudofaa vazirligi Alohida ko‘rgazmali-namunali harbiy orkestr ijodkorlari tomonidan tayyorlangan badiiy-ijodiy dastur namoyish etildi. Bunday yirik xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning o‘tkazilishi nafaqat Amir Temur merosini ilmiy jihatdan tadqiq etish, balki O‘zbekistonning tarixiy merosini jahon miqyosida tanitishda ham muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GVSUHwPg6G8" title="Xalqaro anjuman: Amir Temur va temuriylar davri harbiy sanʼati olimlar nigohida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV, Asliddin ALIJONOV (surat), O‘zA