Amir Temur maqbarasining konsepsiyasi o‘zgaryapti
Amir Temur maqbarasi Samarqand shahridagi eng mashhur tarixiy va me’moriy yodgorliklardan biri. XIV asr oxiri XV asr boshlarida barpo etilgan majmua Muhammad Sulton Mirzo uchun bino qilingan. Qurilish ishlari sohibqiron davrida boshlangan va Mirzo Ulug‘bek tomonidan yakuniga yetkazilgan.
Bu yerda Muhammad Sultondan tashqari, buyuk jahongirning piri (ustozi) Mir Sayid Baraka dafn etilgan va shuning uchun maqbara “Go‘ri Mir” deb ham atalgan, degan taxminlar mavjud. 1405-yilda Amir Temur vafot etgach, o‘z vasiyatiga ko‘ra, ushbu maqbarada, ustozi Mir Sayid Baraka poyida dafn qilingan. Shuningdek, maqbarada Amir Temurning o‘g‘illari Mironshoh va Shohrux, yana bir nabirasi Mirzo Ulug‘bek ham mangu orom topgan.
Bundan tashqari, keyinchalik maqbara hududida temuriy malikalar, jumladan, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Sultonning qizlari dafn etilgan. Ayni paytda ushbu xilxonalarni ham ziyorat qilish imkoniyati yaratilgan.
[gallery-28598]
Majmua hududida madrasa va xonaqohlar bo‘lgani haqida tarixiy manbalarda ma’lumotlar uchraydi, ammo bu inshootlar saqlanib qolmagan.
Bugun Samarqand tarixi bilan bog‘liq muhim sanalar, bayram tadbirlari ushbu obidani ziyorat qilishdan boshlanadi. Qadimiy shaharga keladigan nufuzli delegatsiyalar, mahalliy va xorijlik sayyohlar ham Amir Temur nomi bilan ataluvchi qadamjoni ziyorat qilib, ulug‘ ajdodlarimizni yod etadi. Shu bilan birga Amir Temur va Temuriylar davri me’morchiligi, bunyodkorlik salohiyatining noyob namunasi bilan yaqindan tanishadi.
Mehmonlarga batafsil ma’lumot berish va o‘sha davr haqida ularning tasavvurini boyitish maqsadida o‘tgan yil maqbaraga Amir Temur va temuriylar davriga oid noyob ashyolar keltirilib, bu yerda mavjud ekspozitsiya boyitildi.
Xususan, shu paytgacha Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi muzeyida saqlangan Amir Temur tobuti va tobut ustiga yopilgan mato parchalari, maqbaraning o‘ymakor naqshli, ikki tabaqali yog‘och eshigi, Ko‘ksaroydan topilgan ustun tagligi va bo‘lagi, marmar panel fragmenti, qadimiy kitob va boshqa tarixiy manbalar ziyoratgohga kelgan har qanday kishida qiziqish uyg‘otib, ularning hayratiga sabab bo‘lmoqda.
– O‘tgan yil oktabr oyida YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-yig‘ilishi oldidan maqbara ekspozitsiyasi yangilanib, sohibqiron bobomiz hayoti va merosi bilan bog‘liq ashyolarning keltirilishi juda katta tarixiy voqea bo‘ldi, – deydi Amir Temur maqbarasi gid-tushuntiruvchisi Ashrafjon Yusufzoda. – Masalan, buyuk jahongirning Ko‘ksaroy qarorgohi o‘rnida olib borilgan arxeologik izlanishlar davomida topilgan toshdan yasalgan ustun tagligi va ustunning bir bo‘lagi o‘sha davr qurilish san’ati haqida tushuncha beradi. 1941-yilda maqbarada o‘tkazilgan ilmiy ekspeditsiya chog‘ida qabrdan olingan Amir Temur dafn etilgan tobut yoki tobut ustidagi mato bo‘laklari shu paytgacha Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasida saqlanib kelinayotgandi. Mato bo‘laklari oltin va kumush iplar bilan to‘qilgan bo‘lib, tarixiy dafn marosimlari an’analarini o‘rganishda juda muhim manba hisoblanadi. Matoning har bir bo‘lagi maxsus sharoitda saqlanib, restavratsiya qilingan holda namoyish etilmoqda. Shuningdek, Sohibqironning qabri ochilishi haqidagi hujjatlarning nusxasi va bu jarayon aks etgan fotosuratlar bor. Ekspozitsiyadagi epigrafik naqshli marmar panel fragmenti Qur’on oyatlari va bezakli yozuvlar bilan ziynatlangan bo‘lib, temuriylar davri xattotlik va naqsh san’atining nozik uslublarini ochib beradi. Biz ekskursiya davomida sayyohlarga bu haqda gapirib berardik, lekin ularning hammasi ham bu ashyolarni ko‘rish uchun muzeyga bormasdi. Hozir esa shu yerning o‘zida bu tarixiy ashyolarni ko‘rishi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topishi mumkin.
Maqbaraga tarixiy qo‘lyozma va nashrlar namunalari ham olib kelingan. Jumladan, Ibn Arabshohning “Ajoyib al-Maqdur fi Tarixi Temur” asari, rus va fransuz ijodkorlarining sohibqiron haqidagi kitoblari, L.Ye.Dmitrev-Kavkazskiyning “O‘rta Osiyo bo‘ylab. Rassom qaydlari” ham sayyohlarga manzur bo‘lmoqda. Bu manbalar orqali Amir Temur shaxsiyati, siyosiy faoliyati va jahon tarixidagi o‘rniga oid ma’lumotlar ilmiy asosda yoritilib, jamoatchilikka yetkazilmoqda.
Bu yil yurtimizda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan maqbara hududida ziyoratchilarga qulaylik yaratish, inshootni asrab-avaylash va undan samarali foydalanish maqsadida ta’mirlash-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
– Shu paytgacha bizni asosan majmuaga kirish qismining torligi, sanitariya xonalari yetishmasligi va kassa bilan bog‘liq masalalar qiynardi, – deydi Amir Temur maqbarasi rahbari Xushnud Abdullayev. – Ayniqsa, sayyohlar oqimi ko‘p kuzatiladigan bahor va kuz paytlarda bu anchagina noqulaylik tug‘dirardi. Bu yil ushbu muammolarga barham beriladigan bo‘ldi. Ziyoratgohga kirish joyi anchagina kengaytirilib, maxsus yo‘laklar tashkil etilyapti. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham erkin harakatlanishi uchun imkoniyatlari yaratilmoqda. Bugungi kun talablariga javob beradigan tarzda chipta sotish joylari va kutish zali, sanitariya xonalari qurilmoqda. Sayyohlar maqbara haqida elektron ma’lumot olishi uchun maxsus qurilmalar o‘rnatiladi, audiogid tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Maxsus monitorlarda Amir Temur va Temuriylar davridagi davlat siyosati, bunyodkorlik ishlari, ilm-fan va madaniyat haqidagi ma’lumotlar berib boriladi. Sun’iy intellekt orqali o‘sha davrga oid tasvirlar namoyish etiladi. Shuningdek, nufuzli delegatsiyalarning majmua hududiga kirib-chiqishi uchun ham hozirgidan ko‘ra qulay sharoit bo‘ladi.
Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanayotgan Samarqandga kelayotgan sayyohlar oqimi bugun yil sayin oshib bormoqda. Birgina Amir Temur maqbarasiga o‘tgan yakshanba kuni 5000 dan ortiq mahalliy, 1000 nafarga yaqin xorijlik sayyoh kelgan. Xushnud Abdullayev ilgari bunday katta miqdordagi sayyohlar oqimi kuzatilmaganini qayd etib, endilikda shaharning infratuzilmasini takomillashtirish bilan birga tarixiy-madaniy yodgorliklar, ziyoratgohlar va ular atrofida ham turistlarni qabul qilish uchun zamonaviy qulaylik va imkoniyatlar yaratishni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan, ayni paytda Amir Temur maqbarasida olib borilayotgan ishlar, ilmiy konsepsiya asosida uning g‘oyaviy mazmuni boyitilayotgani e’tiborli.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/lXkGRkX62JQ?si=3em78xzM-7BFLySx" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video),
O‘zA muxbirlari