Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi
Bugun yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanmoqda.

Samarqanddagi bayram tadbirlari Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishdan boshlandi.

Viloyat hokimi va sektor rahbarlari, jamoatchilik vakillari va harbiylar ishtirokida Sohibqiron bobomiz haqqiga Qur’on tilovat qilindi.

Shundan so‘ng Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Samarqand shahridagi yoshlar markazida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida xizmat qilayotgan, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va Samarqand garnizoni harbiy xizmatchilari, faxriylar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi.

Samarqand viloyat hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari E.Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Bir guruh harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligi tomonidan mukofotlandi, shuningdek, faol harbiylar, huquq-tartibot idoralari vakillari viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
G‘. Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA