Amerikalik sayyohlar orasida O‘zbekistonga qiziqish ortgan
Mamlakatimiz — boy tarix, betakror me’morchilik va go‘zal tabiat uyg‘unlashgan, sayohat qilish uchun o‘ziga xos mamlakat. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlar, tog‘laru so‘lim maskanlar har bir sayyohga turlicha taassurot ulashadi.
Nufuzli “Much Better Adventures” xalqaro sayohat platformasi ekspertlari 2026-yilda yakka sayohat qilish uchun dunyodagi eng yaxshi yo‘nalishlar reytingini e’lon qildi. AQSHning yetakchi sayohat platformasi O‘zbekistonni yakka sayohat uchun eng yaxshi yo‘nalishlar top beshtaligiga kiritdi. Qayd etilishicha, “Solo Travel Index 2026” reytingida dunyo bo‘ylab jami 26 ta davlat o‘rganilgan. O‘zbekiston kuchli beshtalik uchun tanlangan va dunyoning eng mashhur turistik mamlakatlari — Italiya, Yaponiya va Portugaliya bilan bir qatorda tilga olingan.
Reytingni tuzishda ekspertlar bron qilish tendensiyalari, sayyohlar taassurotlari, Tinchlik va xavfsizlik indeksi, viza olish qulayligi, ovqatlanish xarajatlari hamda bioxilma-xillik ko‘rsatkichlarini hisobga olgan. “O‘zbekiston AQSH fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilganidan so‘ng amerikalik sayyohlar orasida qiziqish ortib borayotgan Buyuk Ipak yo‘lining noyob manzillaridan biriga aylanmoqda. Mamlakatning boy tarixi, betakror tabiati va sayyohlar uchun shakllangan infratuzilmasi uni sarguzasht izlovchilar uchun jozibador yo‘nalishga aylantirmoqda”, deyiladi “Much Better Adventures” ma’lumotida.
Shuningdek, unda sayyohlarning Nurota tog‘larida qishloqdan qishloqqa piyoda sayohat qilib, qadimiy so‘qmoqlardan o‘tish, mahalliy aholi hayoti bilan yaqindan tanishish va an’anaviy o‘tovlarda tunash imkoniga ega bo‘lishi, Qizilqum dashti orqali Aydarko‘lga sayohat qilishi esa sayohatga yanada o‘ziga xos taassurot qo‘shishi alohida ta’kidlangan.
Samarqanddagi Registon, Buxoro va boshqa qadimiy shaharlar esa O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi boy tarixi va buyuk madaniy merosini namoyon etadi. Eng muhimi, O‘zbekiston nafaqat tarix va sarguzasht, balki hamyonbop sayohat yo‘nalishi sifatida ham xalqaro e’tibor markazida. Mamlakat CN Traveler jurnali tomonidan dunyoda sayohat qilish uchun eng hamyonbop yo‘nalishlar qatoriga kiritilgan” deb yakunlangan material.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA