Amerikadan uzumning yangi navlari olib kelindi
Amerikaning "ARRA" seleksiyasiga mansub danaksiz uzum navlari O‘zbekistonda yetishtiriladi. Bu eksportbop mahsulot fermerlar daromadini oshirib, yangi bozorlarni ochishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda Amerikaning "Grappa Global" kompaniyasiga qarashli "ARRA" seleksiyasining danaksiz xo‘raki uzum navlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. "Oltiariq – Agrostar" korxonasi mazkur loyihani aholi bilan hamkorlikda amalga oshiradi. Ushbu navlar o‘zining danaksizligi, a’lo ta’mi, jozibador ko‘rinishi, yuqori hosildorligi va uzoq saqlanish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Eng muhimi, ular uzoq masofalarga tashish va savdo jarayonida sifatini yo‘qotmaslik talablariga to‘liq javob bergani bois eksport uchun g‘oyat qulaydir.
“Oltiariq-Agrostar” mutaxassisi Ibrohimjon Abdulazizovning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning “Grappa Global” seleksiya kompaniyasining “ARRA” navlari jahon bozorida yuqori talabga ega. “Biz bu uzumlarni 2 ming gektar maydonga ekishni rejalashtirganmiz. Keyingi bosqichda ko‘chatlarni olib kelib, dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda eksportbop mahsulotlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yamiz. Bu loyiha dehqonlarimizning daromadlarini oshirishga qaratilgan”, — dedi mutaxassis.

“Grappa Global” kompaniyasi xalqaro texnik maslahatchisi Andre Vermak 22-oktabr kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tadigan tadbirda o‘z navlarini agrokompaniyalar va fermerlarga taqdim etishdan mamnun ekanini bildirdi. U ayniqsa, quyidagi navlarni alohida ta’kidladi: “Mystic Dream” - bu kechpishar, qora, urug‘siz uzum dunyodagi eng yirik donali navlardan biri hisoblanadi. Uzum mavsumini uzaytirishga intiluvchi mamlakatlarda juda mashhur, chunki u mavsum oxirida yetiladigan so‘nggi qora urug‘siz uzum navidir. Uning saqlanish muddati uzoq, hosildorligi yuqori va yetishtirish uchun qulay. Iste’molchilar esa yirik donalarni yuqori baholashadi. “Fire Crunch” – bu qizil uzum navi dunyo bo‘ylab, ayniqsa, chakana savdo tarmoqlari orasida keng tarqalgan. Yetishtirishga qulayligi va donalarining nihoyatda qarsildoqligi uning asosiy xususiyatlaridandir. Nomi ham o‘ziga xos xususiyatini aks ettiradi. Uning rangi jozibali bo‘lib, hech qachon qoramtir yoki to‘q qizil tusga kirmaydi, doimo yorqin va betakror qizil rangini saqlab qoladi. “Cherry Crunch” – bu kechpishar qizil uzum bo‘lib, so‘nggi ikki yilda fermerlar orasida va jahon bozorlarida tobora ommalashmoqda. Uning asosiy afzalliklari uzoq saqlanish muddati va yomg‘irlarga yuqori chidamliligidir. Hatto uzluksiz yomg‘irli sharoitda ham bu nav saqlanish xususiyatini ajoyib tarzda saqlab qoladi.

Ushbu tashabbus Amerikaning "ARRA" seleksiyasiga mansub danaksiz uzum navlarini O‘zbekistonda joriy etish orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan strategik qadamni aks ettiradi. Mahalliy korxonalar va dehqonlar hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha fermerlar daromadini oshirish va jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA