Amalga oshirilayotgan loyihalar aholi farovonligiga xizmat qiladi
Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim bosqichga aylanmoqda. Viloyat hokimi Normat Tursunov Navbahor va Karmana tumanlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi hamda o‘z takliflarini bildirdi.
Bugungi kunda Navbahor tumanida qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “NAVBAHOR JIAJIA CLUSTER” MCHJ XK tomonidan amalga oshirilayotgan 70 million AQSH dollarlik yirik agroloyiha bu borada muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Loyiha doirasida yer maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, bu usul suv resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Zamonaviy agrotexnologiyalarning keng joriy etilishi hududda qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Shuningdek, tumandagi Navbahor mahallasida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mahallani Yangi O‘zbekiston qiyofasiga mos holda rivojlantirish maqsadida infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy ob’ektlarni rekonstruksiya qilish, sport inshootlari barpo etish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Xususan, 8-sonli umumta’lim maktabining 424 o‘rinli binosi xalqaro moliyaviy institutlar ko‘magida ta’mirlanib, qo‘shimcha ravishda 240 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilmoqda. Bu esa ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Karmana tumanida esa sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “METALL MAHSULOT ZAVODI” MCHJ faoliyati buning yaqqol misolidir. Korxonada import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qilmoqda.

70 foiz import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni maqsad qilgan loyiha 0,4 gektar yer maydonida tashkil etilgan. Korxonaning yillik aylanmasi 1 million dollarni tashkil etib, 25 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, yillik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2,2 million dollarga yetkaziladi.

Tumanda tashkil etilayotgan mebelchilik mikromarkazida 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgani aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sardoba mahallasi hududida 3 gektar yer maydonida tashkil etilayotgan loyiha doirasida 7 ta mebel sexi quriladi. Ayni paytda mazkur mebelchilik mikromarkazidagi loyihalarda qurilish-montaj ishlari ketmoqda.

Hududda ekologik muhitni yaxshilash va aholi uchun zamonaviy dam olish sharoitlarini yaratish maqsadida ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Golden Eco Park” hamda “G‘ani bobo bog‘i” kabi ekobog‘ majmualari barpo etilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida bolalar va oilalar uchun dam olish maskanlari, attraksionlar, zamonaviy o‘yin maydonchalari, yopiq ekobog‘ hududi, madaniy va ko‘ngilochar zonalar, ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish joylari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Umuman olganda, Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, investitsion jozibadorlikni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. Bu kabi kompleks yondashuvlar hududni barqaror rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimi tadbirkorlar bilan uchrashuvi chog‘ida loyihalarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratish, shuningdek, mahalliy aholi, jumladan, yoshlarni ish bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri