Alplar tasvirlangan asarlar ko‘rgazmasi
Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iste’dodli rassom Mas’ud Xolovning “Alp Turon izidan” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada rassomning rangtasvir asarlari, eskiz va qoralamalari, shuningdek, bolalikda yaratgan dastlabki ishlari namoyish etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, rassom ijodi asrlar davomida madaniy an’analar shakllangan, xalqlar taqdiri kesishgan, buyuk shaxslar dunyoga kelgan Turon va Turkiston tarixiga bag‘ishlangan. Ona yurt o‘tmishiga bo‘lgan qiziqish, uning ulug‘vorligini ifoda eta oladigan badiiy vositalarni izlash musavvirning yoshligidan to hozirgi kungacha bo‘lgan ijodiy yo‘lini belgilab berdi. U bolaligidayoq milliy qahramonlar tasvirlarini chizishni boshlagan, ayniqsa buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur siymosiga ko‘p murojaat qilgan. Bu uning ijodida asosiy mavzu bo‘lib qolmoqda.

Mas’ud Xolov tarixiy material bilan ishlashda turli manbalardan, jumladan, yozma ma’lumotlar, ilmiy tadqiqotlar, miniatyuralar, tasviriy madaniyat yodgorliklaridan foydalanadi. Bu unga nafaqat qahramonlarning tashqi qiyofasini tiklash, balki ularning ichki dunyosi va xarakterini ham ifodalash imkonini beradi.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan asarlar orasida Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk siymolar portretlari alohida o‘rin tutadi. Muallif ularning obrazlarini qayta talqin etib, tarixiy haqqoniylikni badiiy yechim bilan uyg‘unlashtirgan. Asarlar qahramonlari kuch-qudrat, sha’n va inson ruhiyatining timsoli sifatida namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga, obrazlar galereyasi erkak shaxslar bilan cheklanmaydi, unda ayol qiyofalari ham mavjud. Rassom bu siymolarga murojaat qilish orqali ayollarning qadr-qimmati, tarixiy ahamiyatini ochib beradi, qahramonlik haqidagi an’anaviy tushunchani kengaytiradi.
Ko‘rgazmada tarixiy me’moriy majmualarni tiklashga bag‘ishlangan asarlar ham o‘rin olgan bo‘lib, ular makon va davrni chuqur badiiy anglashni aks ettirgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA