Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifati oshadi
O‘zbekison Respublikasi Prezidenti “Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidan boshlab allergik kasalliklarning epidemiologik ko‘rsatkichlari ustidan nazoratni kuchaytirish va manzilli skrining tekshiruvlari joriy etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ehtiyojmand aholi qatlamlarini zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, bolalar va o‘smirlar, homiladorlar orasida allergik va immunologik kasalliklarning rivojlanish sabablarini erta aniqlash va ularni profilaktika qilish;
joylarda allergik kasalliklarni yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlarini kengaytirish hamda molekulyar tashxislash usullarini joriy etish;
soha mutaxassislarining allergologiya va klinik immunologiya yo‘nalishida bilimlarini oshirish va ko‘nikmalarini rivojlantirish tizimi yaratiladi.
Allergik va immunologii kasalliklarni erta aniqlash hamda ularning oldini olish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab allergik va immunologii kasalliklarga chalingan "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"da bo‘lgan bemorlarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul ta’minlash tizimi joriy etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 2024 yildan boshlab allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) ko‘rsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlarini o‘tkazadi. Aniqlangan allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklari mavjud bemorlar allergologlar tomonidan tizimli kuzatuvga olinadi va ular bilan individual sog‘lomlashtirish ishlari olib boriladi.
Hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo‘nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlari bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshiriladi.
2024 yil 1 yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi 140 o‘rin fondidan iborat bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilinadi.
Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam ushbu Markaz tomonidan ko‘rsatiladi.
O‘zA