Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi doimiy nazoratda
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish ustuvor vazifaga aylangan. Ayniqsa, ishlab chiqarish va ulgurji savdo yo‘nalishida noqonuniy daromad orttirish yoki xufiyona iqtisodiy harakatlarning oldini olish borasida dolzarb ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi har bir sohada qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Farmonida alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etish, ularning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, biznesni yuritish uchun sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ushbu yo‘nalishdagi qonuniy talablarni kuchaytirishda muhim asos bo‘ldi.
Hozirgi kunda sohada 17 585 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat olib bormoqda, shundan 4 tasi tamaki, 6 tasi spirt, 36 tasi alkogol, 25 tasi pivo mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullansa, 427 ta korxona ulgurji va 17 093 tasi chakana savdo bilan band. Inspeksiya tomonidan yashirin aylanmalarni bartaraf etish borasida sohani raqamlashtirish va nazorat tadbirlarini o‘tkazish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Tizimning tayanchi bo‘lgan “ISAT” axborot tizimi orqali 52 ta sub’ektning elektron hisoblagichlari, 44 ta korxonaning videokuzatuv uskunalari hamda 163 ta spirt tashuvchi transport vositalarining “GPS Treker” qurilmalari real vaqt rejimida monitoring qilinmoqda. Ushbu raqamli islohotlar nafaqat xavflarni barvaqt aniqlash, balki katta iqtisodiy samara berish imkonini ham yaratmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida davlat byudjet tizimiga alkogol mahsulotlaridan 539 milliard so‘m va tamakidan 711 milliard so‘m, jami 1 trillion 250 milliard so‘m aksiz solig‘i undirilishi ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga yoki 137 milliard so‘mga ko‘pdir.
Sohada yashirin iqtisodiy harakatlarning oldini olish maqsadida Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan 1 655 ta tezkor tadbir doirasida iste’molga yaroqsiz bo‘lgan 48,7 milliard so‘mlik alkogol va 49,3 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari muomaladan olindi.
Ko‘rilayotgan choralar natijasida noqonuniy tamaki aylanmasi 2024-yildagi 19,4 foizdan 11,4 foizgacha, 2025-yilda esa 7 foizgacha qisqartirildi. Shu bilan birga, Inspeksiya tomonidan birja savdolari orqali sotilayotgan spirtning maqsadli ishlatilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatilib, litsenziya talablarini buzgan 13 ta ishlab chiqaruvchi va 49 ta ulgurji savdo korxonasining litsenziyasi bekor qilindi. Mahsulot sifatini organoleptik baholash bo‘yicha respublika degustatsiya komissiyasi faoliyatining qayta tiklanishi esa ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifat kafolatini ta’minlashda yangi bosqich bo‘ldi.
Bugungi kunda Inspeksiya nafaqat nazorat qiluvchi, balki tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi organ sifatida ham faoliyat yuritmoqda. “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan yuzlab murojaatlar tezkor ko‘rib chiqilib, tadbirkorlik sub’ektlari bilan doimiy ravishda sayyor qabullar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu uchrashuvlarda litsenziya olish tartibi, qonunchilikdagi yangiliklar va soliq to‘lovlari yuzasidan zarur tushuntirishlar berib borilyapti. Xulosa qilib aytganda, alkogol va tamaki bozorini tartibga solishga oid qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda tadbirkorlarga huquqiy yordam ko‘rsatish orqali iqtisodiy barqarorlikni yuksaltirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Bahodir SHERALIEV,
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti huzuridagi
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi boshlig‘i
O‘zA