Alisher Navoiy va XXI asr
Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallagan.
So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning shoir tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «Alisher Navoiy va XXI asr» mavzusidagi 7-xalqaro ilmiy-nazariy onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada AQSH, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Tojikiston, Afg‘oniston kabi mamlakatlardan sharqshunos va navoiyshunos olimlar ishtirok etdilar. Konferensiyani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov tabrik so‘zi bilan ochdi.
Konferensiya ishtirokchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi vitse-prezidenti Iso Habibbeyli Alisher Navoiy ijodining jahon tamaddunida tutgan o‘rni haqida, Turkiyaning Istanbul universiteti assistent professori Emek Usenmez Alisher Navoiyning turkiyzabon xalqlarni birlashtirish yo‘lidagi xizmatlari, Tojikiston Fanlar akademiyasi Yozma meros milliy markazi bo‘limi boshlig‘i Saidxo‘ja Alizoda Alisher Navoiyning Tojikiston Respublikasi Sharq qo‘lyozma fondida saqlanayotgan asalarining nusxalari haqida qimmatli ma’lumotlar berdilar.

Ayniqsa, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti dotsenti Darya Jigulskayaning Alisher Navoiy ijodi haqida sof o‘zbek tilidagi ma’ruzasi o‘zbek tilining jahon miqyosida nufuzi oshib borayotganidan haqida bo‘ldi.
Konferensiya Alisher Navoiyning ilmiy merosi va matnshunoslik, Alisher Navoiy adabiy merosi va tarjimai holi, Alisher Navoiy lirikasini o‘rganish masalalari, Alisher Navoiy: an’ana va yangilanish, zamonaviy adabiyotda buyuk shoir obrazi talqini, Alisher Navoiyning lingvistik merosi va shoir ijodini o‘qitish muammolari sho‘’balarida davom etdi.
Dilobar Mamatova, O‘zA