Alisher Navoiy merosining fidoyi tadqiqotchisi
Mustaqillik yillarida yurtimizda buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy merosini sho‘ro davri mafkuraviy tazyiqlaridan xoli holda, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda islomiy-irfoniy mazmun asosida xolis tadqiq etish tizimi shakllantirildi. Mustaqilligimizning 35 yillik dovonida milliy ma’naviyatimiz poydevorini yanada mustahkamlashda Hazrat Alisher Navoiy merosi ulkan manba bo‘lib xizmat qilayapti.
Istiqlol davrida shoir asarlari asl holida xalqqa yetkazilib, uning ijodi jahon miqyosida yangicha talqin etilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Alisher Navoiyning barcha ma’lum asarlari ilk bor to‘liq, akademik me’yorlarga muvofiq bir necha marta salmoqli jildlik to‘plamlar tarzida chop etilib, kitobxonlarga taqdim etildi.
Mutafakkirning «Nasoyim ul-muhabbat» kabi asarlarida sho‘ro davrida qisqartirilgan tasavvuf namoyandalari, avliyolar haqidagi ma’lumotlar va diniy tushunchalar asl holiga qaytarildi. Navoiy she’riyatidagi Qur’on oyatlari, hadislar va tasavvuf falsafasi xolis ilmiy asosda o‘rganila boshlandi. Shoir ijodining Sharq mumtoz adabiyoti bilan uzviy bog‘liqligi chuqur tahlil qilindi. Shuningdek, Alisher Navoiy hayoti, ijodi, zamondoshlari va asarlari tiliga oid ma’lumotlarni qamrab olgan ko‘p jildlik maxsus qomuslar yaratildi.
Mustaqillik taqdim etgan imkoniyatlar tufayli Navoiy asarlarining Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Rossiya va Afg‘oniston qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan nodir nusxalari va faksimile nashrlari yurtimizga olib kelindi. «Xamsa» dostonlari va g‘azallari ingliz, fransuz, nemis, turk, arab hamda boshqa tillarga yuksak badiiy mahorat bilan tarjima qilindi.
Ulug‘ alloma merosini har tomonlama o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi hamda ilmiy markazlar tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu muassasalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Navoiyshunoslik rivojida fidoyi olimlar qatorida atoqli tadqiqotchi, so‘z san’ati bilimdoni, filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, professor Olimjon Davlatov ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Olimjon Davlatov zamonaviy o‘zbek navoiyshunosligi, matnshunosligi va sharqshunosligi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan faol olimlardan biridir. Uning navoiyshunoslik sohasidagi eng muhim xizmatlaridan biri fundamental darsliklar yaratishdagi ishtirokidir. Jumladan, u Sh.Sirojiddinov va D. Yusupova bilan hammualliflikda 2018, 2019 va 2020-yillarda nashr etilgan, respublika oliy ta’lim muassasalarining filologiya hamda til o‘qitish yo‘nalishlari uchun asosiy o‘quv qo‘llanma hisoblangan «Navoiyshunoslik» integral darsligi mualliflaridan biridir. Ushbu darslikda sohadagi eng so‘nggi ilmiy yangiliklar va Navoiy asarlari poetikasiga doir zamonaviy talqinlar o‘z aksini topgan.
Olim mutafakkir Navoiy bobomizning murakkab qo‘lyozmalari va asarlarini hozirgi o‘zbek adabiy tili me’yorlariga moslashtirish, ularga lug‘at va ilmiy sharhlar tayyorlash ustida samarali mehnat qilib kelmoqda. Uning bevosita ishtirokida Alisher Navoiyning to‘rt jildlik «Xazoyin ul-maoniy» kulliyoti (2011), diniy-tasavvufiy ahamiyatga ega «Nasoyim ul-muhabbat» tazkirasi (2015), shuningdek, Navoiy ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan Hofiz Sheroziyning «Devon»i (o‘zbek tilidagi lug‘at va izohlari bilan, 2012) nashr etildi.
Olimjon Davlatovning Navoiy she’riyatidagi ilohiy va diniy ramzlarni tadqiq etishga bag‘ishlangan ishlari uning eng yirik ilmiy ishlari sirasidandir. Uning «Alisher Navoiy she’riyatida Qur’on oyatlari va hadislarning badiiy talqini» mavzusidagi monografiyasi mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan. Mazkur asar keyinchalik turk tiliga tarjima qilinib, Istanbuldagi «Akademik Kitaplar» nashriyoti tomonidan chop etildi va xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etildi.
Olimjon aka alloma bobomiz merosini nainki O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbiga singdirish, navoiyxonlik tadbirlari va xalqaro anjumanlarni tashkil etishda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Uning matbuot va ilmiy jurnallarda Navoiy g‘azallari sharhiga bag‘ishlangan ko‘plab maqola va ilmiy ishlari adabiyot muxlislari tomonidan katta qiziqish va e’tibor bilan mutolaa qilinadi.

— Hazrat Navoiy asarlari mazmunini targ‘ib etish ishlari avval ham bo‘lgan va bu boradagi sa’y-harakatlar hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi, — deydi filologiya fanlari doktori, professor, navoiyshunos Olimjon Davlatov. — Navoiy har bir baytida beqiyos ma’nolar xazinasini mujassam etgan. Mutafakkir shoirning har bir so‘zi zamiridagi ma’nolarni kashf etish va ularni kitobxonlarga yetkazish har bir navoiyshunos va ijodkorning muhim vazifasidir. Shu ma’noda keyingi yillarda Alisher Navoiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, allomalarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy merosni o‘rganish, uning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish, shuningdek, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish mas’uliyatli va sharafli vazifadir. Ustoz olim, fidoyi tadqiqotchi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Olimjon Davlatov ana shu ezgu maqsad yo‘lida samarali mehnat qilayotgan mamlakatimiz ziyolilarining munosib vakillaridan biridir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri