Alisher Navoiy merosiga yangicha yondashuv bugunning talabidir
Yuz yilliklar qa’ridan kelayotgan yozma adabiyotning, ayniqsa, Alisher Navoiy ijodiy merosining ijtimoiy-madaniy hayotda tutgan o‘rni nihoyatda ulug‘.
9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Yuz yilliklar qa’ridan kelayotgan yozma adabiyotning, ayniqsa, Alisher Navoiy ijodiy merosining ijtimoiy-madaniy hayotda tutgan o‘rni nihoyatda ulug‘. U kishilarga, xususan, yoshlarga olam va odamga bog‘liq hodisalar mohiyatini anglash, insonga xos tuyg‘ularning rangin qirralarini his etish, insoniy fazilatlar va nuqsonlar mohiyati haqida kengroq va jiddiyroq o‘ylash imkonini beradi.
Badiiy adabiyot shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashadi. Bu jarayon o‘qilgan asarlarni uqish, ulardan o‘rinli xulosalar chiqarish, badiiy so‘zdan ta’sirlanish, ko‘ngilni poklash, o‘ziga ma’qul kelgan ezguliklarni yaqinlariga ham ravo ko‘rish, eng muhimi, badiiy asarlar vositasida o‘z-o‘zini kamol toptirishi orqali sodir bo‘ladi.
Yoshlarni ozod ruhli, erkin fikrli, adolatli, xolis, sabr qanoatli qilib kamolga yetkazishdek tabarruk vazifani Navoiy asarlari ham o‘zbekona so‘zning kuchi, quvvati, tarovati va sehru latofati bilan bajaradi.
Hozirgi o‘zbek navoiyshunosligi oldida bir qator muhim vazifalar turibdi. Chunonchi, Navoiy o‘z asarlarini yozishda oziqlangan yozma manbalar, shoir ijodiy merosining manbalari tadqiq etilmog‘i lozim. Shuningdek, Navoiy merosiga qadimgi turkiy adabiyot, qoraxoniylar davri adabiyotining ta’siri hali o‘rganilgan emas.
Navoiy asarlarini ilmiy o‘rganish va uning ijodini yoshlar ma’naviy tafakkuriga yetkazish masalasida uch muhim qirraga e’tibor qaratilmog‘i kerak. Ulardan birinchisi Navoiy asarlarini keng ko‘lamda o‘rganish va ularning mukammal ilmiy nashrlarini tayyorlashdir. Bunda men dunyoning yetakchi sharqshunoslik markazlarida shakllangan ilmiy mezonlarga amal qilingan holda Navoiy asarlarining ilmiy transkripsion nashrlarini tayyorlashni ko‘zda tutyapman. Ikkinchi masala, Navoiy asarlariga yo‘g‘rilgan ma’naviy, insonsevarlik g‘oyalarini yoshlar tafakkuriga singdirishdan iborat. Uchinchi masala, bo‘lg‘usi navoiyshunoslar avlodini tarbiyalash. Oliy o‘quv yurtlarida Navoiy ijodi chuqur o‘rgatilmog‘i, o‘quv rejalarida Navoiyshunoslik, ulug‘ mutafakkir yozma merosi bilan bog‘liq darslar kompleksi o‘rin olmog‘i kerak.
Gulchehra RIXSIEVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori.