Alisher Navoiy – bashariyat qalbidagi shoir
Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan Madaniy meros haftaligi doirasida "Alisher Navoiy asarlarining bezakli qo‘llanmalari jahon to‘plamlarida" nomli kitob-albomning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yurtimiz va xorijlik olimlar tomonidan buyuk alloma bobomiz Alisher Navoiyning ijodi keng va atroflicha muhokama etildi.
–- Ulug‘ Navoiy ijodi hozirgacha dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda, – dedi Vengriya Sharqshunoslik instituti olimi Peri Benedik.– Men ulug‘ mutafakkirning "Mahbub ul-qulub" asari ustida izlanish olib bormoqdaman. Uni ingliz tiliga tarjima qilish borasida izlanyapman. Navoiyning tili g‘oyat go‘zal, qadimiy, hikmatlarga boy ekani bilan men uchun juda azizdir.
-- Daho Alisher Navoiyning 500 yilligi Ikkinchi jahon urushi davrida – 1943 yili dekabrda Leningraddagi Davlat Ermitajining yerto‘lasida shamlar nurida nishonlangan, – dedi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori Irina Popova. -- Olimlar uchun, ziyolilar uchun katta madaniy voqelik bo‘lgan. Navoiyning betimsol she’riyatidan namunalar o‘qilgan o‘sha kecha vatanparvarlikning haqiqiy namunasi edi. Umuman olganda, urush yillari O‘zbekiston fashizmdan jafo ko‘rgan ko‘plab olimlar, ziyolilarni o‘z bag‘riga olganini katta minnatdorlik bilan eslaymiz. Hozir esa Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini yana Sankt-Peterburgda nishonlash ko‘zda tutilmoqda. Birgina mamlakat madaniy merosi shunday yirik miqyosda dunyo olimlari tomonidan o‘rganilishi O‘zbekistonning ilmiy-ma’rifiy salohiyati nechog‘li yuksak ekanidan darak beradi.
-- O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida Alisher Navoiy asarlariga oid qo‘lyozmalar ham bor, – dedi navoiyshunos olima Oysara Madaliyeva. – Ularning muayyan qismi kulliyot holidadir. Madaniy meros haftaligi Navoiy merosiga qiziqish katta ekanini yana bir karra ko‘rsatdi.
N.Usmonova,O‘zA