Alisher Navoiy asarlari qozoq tilida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Xalqaro turk akademiyasi hamkorligida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning qozoq tilida nashr etilgan «Xamsa», «Muhokamatul-lug‘atayn asarlari va shoir ijodi jamlangan «Baqo guli» nomli kitoblarning taqdimotiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Satibaldi Darxon va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari haqida gapirdi. So‘nggi yillarda adabiy aloqalarning mustahkamlanganligi va samarali ijodiy faoliyat yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
Adabiyotshunoslar, yozuvchi va shoirlar ishtirokidagi anjumanda «Mir Alisher Navoiy –turkiy xalqlar gultoji», «O‘zbekiston va Qozog‘iston: adabiy aloqalar yangi bosqichda», «Alisher Navoiy –o‘zbek va qozoq xalqlari adabiy aloqalarining mustahkam ko‘prigi», «Alisher Navoiy asarlari tarjimasida o‘ziga xosliklar» nomli mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
–Alisher Navoiy asarlari butun dunyoga bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat tuyg‘ularini tarannum etadi, –deydi Xalqaro turk akademiyasi prezidenti Darxon Qidirali. –Darvoqi, uning asarlaridagi ezgu g‘oya xalqlarni totuvlikka, birdamlikka chorlaydi. So‘nggi yillarda o‘zbek, qozoq ijodkorlari o‘rtasida ko‘plab ijodiy hamkorlik ishlari amalga oshirildi.Qator o‘zbek ijodkorlarining asarlari qozoq tiliga, qozoq ijodkorlarining asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bunda ikkala davlat yozuvchilar uyushmalari jonbozlik ko‘rsatdi. Turkiy xalq dahosi bo‘lgan Alisher Navoiyning asarlarini qozoq tilida chop etish ishlari hali davom etadi. Shu o‘rinda taniqli adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshning Abay asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda jonbozlik ko‘rsatgani uchun alohida tashakkur izhor etaman.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining «Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida bir qator ustuvor vazifalar o‘rin olgan. Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatimizda Alisher Navoiyning boy, serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish, nashr etish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.

Qozog‘istonda ham Navoiy asarlarini o‘rganish, tarjima qilish, nashr ettirish borasida quvonarli natijalarga erishildi. Xususan, «Xamsa» kitobi mashhur qozoq shoiri, Davlat mukofoti laureati, Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Parasat» ordeni bilan taqdirlangan Nesipbek Aituli tomonidan o‘zbek tilidan qozoq tiliga tarjima qilindi. Mazkur kitobdan Alisher Navoiyning mashhur asarlari – «Layli va Majnun»hamda»Iskandar devori» kabilar o‘rin egallagan.
Kitob («Nauai Әlіsher. Muxәkәmәtul-lug‘әtәyn»(«Ikki til bahsi») sharqshunos Torali Qidir tomonidan o‘zbek tilidan qozoq tiliga tarjima qilingan. Alisher Navoiyning bu asari turkiyshunoslikda alohida o‘rin egallaydi. Shoir ikki til – turkiy va fors tillarining mohiyatini chuqur o‘rgangan va o‘z asarlarida aniq misollar orqali turkiy tilning lug‘at boyligi va poetik qudratini yaqqol ko‘rsatgan.
«Baqo guli» kitobida Alisher Navoiyning tanlangan g‘azallari turkiy xalqlar tillari – ozarbayjon, boshqird, qozoq, qoraqalpoq, qrim-tatar, qirg‘iz, saxa, tatar, turkman, o‘zbek va uyg‘ur tillarida berilgan. Kitob Muhammad Ali tomonidan tuzildi hamda muqaddimasi yozildi.

«Alisher Navoiy. Baqo guli» nomli kitobi uchun Muhammad Ali Turk akademiyasining kumush medali bilan taqdirlandi. Abayning «Tarbiya so‘zlari» kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgan va kitobning nashr etilishiga hissa qo‘shgan Qozoqboy Yo‘ldoshev, Ibodulla Mirzayevga Turk akademiyasining kumush medallari topshirildi.
D.Mamatova, O‘zA