Alisher G‘aniyev Osiyoda hamon tengsiz
Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida sport kurashlari bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazildi. Musobaqa doirasida yunon-rum kurashi bo‘yicha bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Jumladan, ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘tgan so‘nggi kungi bellashuvlarda -60 kg. vazn toifasida ishtirok etgan Alisher G‘aniyev finalda KXDR vakili Se Ung Rini mag‘lub etib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, -72 kg vazn toifasida Shahzod Qo‘chqorov bronza medali uchun bahsda yaponiyalik Taishi Narikүnidan ustun kelib, sovrindorlar safidan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha vazni -55 kg. bo‘lgan polvonlar orasida barcha raqiblarini taslim etgan Ixtiyor Botirov shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, 130 kilogrammgacha vaznda Rafael Sitsuashvili kumush, 77 kg.da Doniyorxon Nakibov bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
Shu tariqa, yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. Eron va Qirg‘iziston termalari birinchi hamda ikkinchi pog‘onadan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA