Aliment qarzdorlari bilan bog‘liq ishlar sayyor sudda ko‘rildi
Navoiy viloyat hududidagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish maqsadida viloyat sudlari va huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida sayyor sud o‘tkazilmoqda.
Navbahor tumanida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi ish yurituvidagi aliment qarzdorligini undirish masalalari muhokama etildi.
Jarayonda jami 13 nafar qarzdorga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ularning javobgarligi sud tartibida ko‘rib chiqildi. Natijada 8 nafar qarzdorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-prim 4-moddasiga asosan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, yana 5 nafar qarzdorga esa kodeksning 271-moddasi 10-bandiga muvofiq ma’muriy ish materiallari sud jarayonida tugatildi.
Majburiy ijro byurosi tomonidan aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida undirish, qarzdorliklarning oldini olish hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri