Ali Qushchi Istanbulga quruq bormagan
Temuriylar va usmoniylar saltanati... Har ikkisini bogʻlab turadigan umumiy jihatlar mavjud. Masalan, qudrat va salohiyat, buyuklik va mahobat, adolat va bunyodkorlik...
Temuriylar va usmoniylar saltanati... Har ikkisini bogʻlab turadigan umumiy jihatlar mavjud. Masalan, qudrat va salohiyat, buyuklik va mahobat, adolat va bunyodkorlik... Bular ikki saltanatga nisbatan qoʻllaniladigan eʼtiroflar.
Biroq XIV-XV asrlarda temuriylar va usmoniylar davlatida yuz bergan umumiy bir tarixiy jarayon ham bor. Yaʼni oʻsha davrda har ikki saltanatda madaniy hayot eng yuksak choʻqqiga koʻtarilgan.
Manbalarda yozilishicha, usmonli sultonlari oʻz atrofiga olimu fuzalolarni toʻplab, ularni qoʻllab-quvvatlagan, ragʻbatlantirgan. Samarqandda ham bunday anʼana qadrlangan, bardavom boʻlgan. Oʻsha davrda koʻhna va hamisha navqiron kentimiz ilm-maʼrifat markazi sifatida qay darajada mashhur boʻlsa, Istanbul, Edirna, Bursa, Diyorbakir, Konya va Rumeli ham ilm-fan oʻchoqlariga aylangan.
Yana bir oʻziga xos jihatga alohida toʻxtalish joiz. Bu davrda ikkala saltanatda ham riyoziyot eng rivojlangan sohalardan biri boʻlgan. Xuddi zaminimizdagi singari usmoniylarning eng oliy maqomga ega «Hasiya-i Tajrid» madrasalarida ham hisob va handasa (geometriya) bilan kosmografiya oʻqitilgan.
Riyoziyotning usmoniylar mamlakatida ommalashishini ulugʻ ajdodlarimizning tarixiy xizmatlari bilan bogʻlash oʻrinli, albatta. Gap nimadaligi darhol fahmlaganingizga shubha yoʻq. Chunki maʼrifatparvar podshoh va buyuk olim Mirzo Ulugʻbek vafotidan soʻng uning sevimli shogirdi Ali Qushchi Istanbulga kelgani haqida oʻqigansiz, eshitgansiz. Oʻshanda ulugʻ astronomning shogirdi madrasa saboqlaridan tashqari, alohida kurs ochib, qiziquvchilarga riyoziyot (matematika)dan dars bergan. Hatto Sinan Posho Ali Qushchidan bu fan sir-sinoatlarini oʻrganish uchun shogirdlaridan Tokatli Mulla Lutfini yuboradi. Oʻz navbatida, u Ali Qushchidan oʻrganganlarini ustozi Sinan Poshoga oʻrgatadi. «Shaqoyiqi Noʻmoniya»da bu masala xususida soʻz yuritilib, «Mavlono Sinan Posho shu tariqa ilmi riyoziyotni oʻrgandi», deyiladi va Sinan Posho bu bilan cheklanmasdan, Qozizoda Rumiy asarlariga javob yozganligiga ham ishora qilinadi.
Qozizoda Rumiy nomi bilan mashhur boʻlgan Muso Posho oʻz davrida buyuk turk matematigi boʻlgan. Qizigʻi, u bu sohada usmonli diyorida emas, aynan Samarqandda ilm egallagan. Bundan koʻrinadiki, Samarqand ilmiy maktabi oʻsha davrda turkiy xalqlar orasida oʻziga xos mavqega ega boʻlgan. Demak, XV asr soʻnggi yarmida usmoniylar madrasalarida oʻqitilgan riyoziyot darslari Mirzo Ulugʻbek boshchiligida tashkil qilingan ilmiy maktabning Ali Qushchi vositasida ommalashtirilishi edi.
Usmoniylar davlatida ham madrasalar faoliyatini davom ettirish uchun vaqflar tashkil qilinishi ustoz, talaba va boshqa xizmatchilarni iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirishda qoʻl kelgan.
Usmoniylarning ilm ahliga boʻlgan eʼtibori tufayli boshqa oʻlkalardan ham bu yerga kelib tahsil oluvchilar koʻp boʻlgan. Oʻsha davrlarda “Olimlar maskani” deb nomlangan Iznik shahri madrasalari ilm-maʼrifat markaziga aylangani ham soʻzimiz isbotidir. Bundan tashqari, usmoniylar saltanatida ilm ahliga koʻrsatilgan eʼtibor bir qator olimlarning Eron, Turon, Xuroson, Dogʻiston, Hindiston, Buxoro, Halab, Som, Misr kabi davlatlardan Istanbulga kelishiga sabab boʻladi. Shunday qilib, Istanbul olimlar toʻplangan markazga aylangan.
Shu bilan birga, oʻsha davrda sultonlar, vazirlar, saroy ayonlari va badavlat aholi tomonidan koʻplab madrasalar barpo etish anʼanaga aylanadi. Birgina meʼmor Sinan boshchiligida Istanbulda qurilgan madrasalar soni 55 ta edi. XVI asr soʻnggi choragi boshida esa bu koʻrsatkich 126 taga yetadi. Madrasalarga ajratilgan vaqflar tizimi davlat siyosati darajasiga koʻtariladi.
Usmoniylar madrasalarida astronomiya fani oʻqitila boshlashi ham Ali Qushchining Samarqanddan u yerga borishi bilan bogʻliq. Ali Qushchidan keyin usmoniylar yurtida astronomiya va matematika ilmlari rivojiga eng koʻp hissa qoʻshgan olimlardan biri Mirim Chalabiy nomi bilan shuhrat qozongan Mahmud bin Mahmuddir. U Qozizoda Rumiy bilan Ali Qushchining shogirdi hisoblanadi. Matematika, astronomiya va usturlobga doir asarlar yozgan bu olim Mirzo Ulugʻbekning «Ziji Koʻragoniy» asariga «Dasturul-Amal va Tashhihul-Jadval» nomli forscha sharh ham yozadi. Shuningdek, u Ali Qushchining «Fatviya» nomli asarini ham sharhlaydi.
Ushbu davrda madrasalarda oʻqitilgan ilmiy adabiyotlar arab tilida yozilgan boʻlib, madrasalar dasturida bu til muhim ahamiyat kasb etgan. Fiqh va kalom bilan birgalikda mantiq va matematikaga ham eʼtibor berilgan.
Demak, Samarqandda kamol topgan buyuk ajdodlarimizning aqlu zakosi, ilmu ziyosi oʻz davrida dunyoning olis oʻlkalarida ham ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshgan. Shu maʼnoda, biz qanday ulugʻ zotlarning avlodlari ekanligimizdan haqli ravishda har qancha faxrlansak kam.
Rohila Ruzmanova,
filologiya fanlari nomzodi,
Samarqand davlat universiteti dotsenti.