Alexandro Pastrana: Yevropa bozori O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari uchun ulkan imkoniyatlar ochadi
“To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari - CAITME 2025” 16-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekistonda to‘qimachilik va yengil sanoat sohasidagi eng yirik va nufuzli xalqaro tadbirlardan biri hisoblanadi.
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazmaning bugun ikkinchi kungi tadbirlari o‘tkazildi. Unda dunyo va mintaqaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari o‘zining eng so‘nggi texnologiyalari, innovatsion uskunalari va zamonaviy yechimlarini taqdim etmoqda.
Ispaniyadagi “AYECO” kompaniyasi asoschisi Alexandro Pastrana mazkur ko‘rgazma haqida o‘z taassurotlarini bildirdi:
– “CAITME 2025” mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, investitsiyaviy imkoniyatlarni kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishda muhim maydon deyish mumkin.
Eng avvalo, ushbu ko‘rgazmada ishtirok etayotganimdan mamnunman. Biz O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan o‘n yildan buyon hamkorlik qilib kelyapmiz. Shu yillar davomida ko‘plab yo‘nalishlarda ishlar olib bordik. Hozir esa biz ilgari surayotgan tizim samarali ekaniga ishonamiz. Bunda biz mahalliy ishlab chiqaruvchilarga Yevropa bozoriga mahsulotlarni eksport qilishda ko‘maklashayapmiz.
Bilasiz, Yevropa bozori katta imkoniyatlarga ega, ammo unga kirish oson emas. Bu bozor yuqori raqobatni talab etadi. Bunday sharoitda nafaqat O‘zbekiston, balki har qanday mamlakat mahsulotlarini sotish qiyin kechadi. Masalan, Yevropa Ittifoqiga yaqin munosabatlarga ega Marokash ham bu muammolarga duch kelmoqda. Shu bilan birga, agar Yevropa ehtiyoj sezadigan mahsulot taklif etilsa, bozor eshiklari ochiq bo‘ladi.
Bugungi kunda Yevropa 500 million aholiga ega ulkan bozor bo‘lib, xarid qobiliyati yuqori. Buni to‘g‘ri yo‘nalishda yo‘lga qo‘yish juda muhim. Biroq O‘zbekiston kabi yangi istiqlol yo‘liga chiqqan davlatlar uchun bu oson emas. Ular alternativ bozorlarni qidirishi zarur. Aholisi ko‘p va xarid qobiliyati yuqori bo‘lgan hududlardan biri, albatta, Yevropa hisoblanadi.
Xitoy eksportining muvaffaqiyati, avvalo, hukumatning ishlab chiqaruvchi va eksportyorlarni turli jihatdan qo‘llab-quvvatlashida. Shu bois Xitoy mahsulotlarining asosiy qismi Yevropaga eksport qilinadi va bu katta yutuq hisoblanadi.
O‘zbekiston esa hozirda logistika bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bu esa bozor imkoniyatlarini yo‘qotishga olib keladi. Aslida mamlakat yaxshi mahsulotlarga ega, ammo logistika tizimining yo‘lga qo‘yilmagani sababli eksportdan to‘liq foyda ko‘rilmayapti. Bugungi kunda distribyutorlar faqat narx va sifatgina emas, balki xizmat ko‘rsatish darajasiga ham e’tibor qaratmoqda.
Mamlakatingiz geografik joylashuvi jihatidan dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas. Bu muammo faqat O‘zbekistongagina xos emas, balki uning atrofidagi davlatlar uchun ham umumiy.
Fikrimcha, hukumat bu yo‘nalishda qat’iy choralar ko‘rishi va logistikani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi lozim. Deylik, Xitoy bugun Yevropani o‘zining asosiy bozoriga aylantira olgan bo‘lsa, buning sababi ular mahsulot sifati va bozor talablariga javob berishi, shu bilan birga, logistika tizimini samarali yo‘lga qo‘yishidadir.
Men ishonamanki, O‘zbekiston mahsulotlari sifatli va bozor talablariga javob beradi. Ular hatto jahon moda bozorida ham munosib o‘ringa ega. Ammo logistika tizimidagi muammolar bu jarayonga jiddiy to‘siq bo‘lib turibdi. Shu bois milliy va mintaqaviy darajadagi hokimiyatlar eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlashlari maqsadga muvofiq. Chunki bu mamlakat iqtisodiyotining taraqqiyoti uchun juda muhim omil hisoblanadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.