Aksiyasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekildi
“Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosini ta’minlash maqsadida Xo‘jayli tumanida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, ishsiz, uy-joyga muhtoj oilalar istiqomat qiladigan “Ijtimoiy shaharcha” hududida "Bir million daraxt" umummilliy aksiyasi tashkil etildi.
“Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida o‘tkazilgan aksiyaning ochilish marosimida “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi, Xo‘jayli tumani hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi mutasaddilari, “Milliy tiklanish” hamda O‘zbekiston ekologik partiyasi deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, yoshlar, tuman faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

–Aksiyani o‘tkazishdan maqsad, atrof-muhitni himoya qilish, hudud go‘zalligini yanada oshirish, tabiatning sofligini saqlash hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishdan iborat, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi raisi Tajibay Romanov. –Tadbir O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Yuksalish” umummilliy harakati faollari tashabbusi BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 2019 yil 24 oktyabr kuni “Bir million daraxt” aksiyasiga O‘zbekistonning shimoliy hududi – Qoraqalpog‘iston Respublikasidan start berildi. Birinchi daraxt partiyasi –100 tup archa ko‘chati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hududida o‘tqazildi. Shundan keyin 2020 yil 6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining Mo‘ynoq tumanidagi yer maydoniga 6 ming tup, 2021 yil 6 noyabr kuni Bo‘zatov tumanida1 ming tup, 2022 yil 12 mart kuni Nukus shahrida milliy madaniy markazlar va nodavlat notijorat tashkilotlarining “Do‘stlik uyi” hududida 100 tup daraxt ko‘chati ekildi. Navbatdagi aksiya “Ijtimoiy shaharcha” hududida davom etib, ishtirokchilar tomonidan 100 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. Ularni parvarishlash va mazkur hududni obod saqlashni “Ijtimoiy shaharcha” ma’muriyati o‘z zimmasiga oldi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri