Akiko Fujii: O‘zbekiston gender majburiyatlarni muvaffaqiyatli bajarmoqda
Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumida ishtirok etgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii O‘zA muxbiriga forum haqidagi fikrlarini bildirdi:
– O‘zbekiston hukumatini ushbu forumni tashkil etgani bilan chin dildan tabriklayman. Forumdagi asosiy tadbirlar, sessiyalar juda muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bu nufuzli tadbir mazmun jihatdan juda ahamiyatli. 20 dan ortiq mamlakatning parlament, hukumat darajasidagi mas’ullari bir joyga jam bo‘lib, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni muhokama qildi. Bu oddiy masalalar emas, balki ayollar huquqlari, bolalar manfaatlari bilan bog‘liq, gender tenglik kabi global ahamiyatli mavzular. Muhimi, bu borada chuqur tahlillarni qamrab olgan muloqot maydonida muammolar ko‘tarilishi bilan bir qatorda ularning yechimlari bo‘yicha qat’iy majburiyatlar haqida takliflar o‘rtaga tashlandi.
Aytib o‘tishim kerakki, O‘zbekistonda aynan shu yo‘nalishlarda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Bolalar, ayollar huquqlari himoyasi kuchaytirildi. Gender tenglikka erishish borasida ham majburiyatlar muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bu borada biz samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganimizdan mamnunmiz.
Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kengayib borayotgani, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor tufayli ayollar tadbirkorligi kengayib borayotgani quvonarli.
Jahonda parlamentdagi deputatlik o‘rinlarini egallagan ayollar yigirma yetti foiz bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich allaqachon 38 foizga yetgan. Bu katta yutuqdir.
Xalqaro hamkorlar ham O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash, ayollar yetakchiligini yanada barqaror qilish, gender moliyalashtirish va ishga qabul qilish kabi muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishlari mumkin bo‘lgan ekotizimni qo‘llab-quvvatlash uchun birlashishlari forumda qayd etilganini qiziqish va mamnuniyat bilan qabul qildik.
Ayollar muhim qarorlar qabul qilinishida ishtirok etishi juda muhim. Bu jarayon yanada kengaysa, O‘zbekistondagi yaxshi o‘zgarishlar yanada kengayadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA